O‘zbekiston va Buyuk Britaniya: iqtisodiyot va ta’lim bo‘yicha erishilgan kelishuvlar amaliy ijrosi ta’minlanadi
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev mamlakatimizdagi diplomatik faoliyatini yakunlayotgan Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Timoti Smart bilan uchrashdi.
Unda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi keng qamrovli sheriklik munosabatlarining bugungi holati hamda istiqbollari muhokama qilindi.
Keyingi yillarda parlamentlararo, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va ta’lim sohalaridagi hamkorlik sezilarli darajada faollashgani qayd etildi.
2024-yilda qabul qilingan Keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda joriy yil fevral oyida imzolangan Qo‘shma deklaratsiya ikki tomonlama aloqalarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Suhbat chog‘ida infratuzilma, «yashil» energetika, muhim minerallar va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Ta’lim sohasida qo‘shma dasturlarni ko‘paytirish, O‘zbekistonda Buyuk Britaniyaning yetakchi universitetlari filiallarini ochish, pedagoglar tayyorlash va ingliz tilini o‘qitish sifatini oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida parlamentlararo muloqotni yanada faollashtirish hamda iqtisodiyot va ta’lim yo‘nalishlarida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini qo‘llab-quvvatlashga tomonlar tayyor ekanini bildirdi.
N.Abduraimova, O‘zA