O‘zbekiston va Belarus: ta’lim, fan va tibbiyot sohalarida hamkorlik kengaytiriladi
Xiva shahrida bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining IV biznes-forumi doirasida “O‘zbekiston va Belarusning gumanitar va ijtimoiy sohalardagi strategik sherikligi: imkoniyatlar va istiqbollar” mavzusida 3-sho‘’ba yig‘ilishi o‘tkazildi.
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Oral Ataniyazova hamda Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashining Ta’lim, fan, madaniyat va ijtimoiy rivojlanish masalalari doimiy komissiyasi raisi Natalya Pavlyuchenko moderatorligida o‘tgan yig‘ilishda ikki mamlakat o‘rtasida oliy va professional ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati tahlil qilinib, uni yangi mazmun bilan boyitish va istiqbolli yo‘nalishlarda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida gumanitar sohada shakllangan hamkorlik salohiyati ta’lim, ilm-fan va tibbiyot yo‘nalishlarida yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun muhim zamin yaratayotgani qayd etildi.
Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, muhandislik va yuqori texnologiyali sohalar uchun malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini rivojlantirish, professional ta’lim sohasida ilg‘or tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishida esa bioxilma-xillikni o‘rganish, genetika, biotexnologiya va zamonaviy texnologiyalar sohalarida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, tadqiqotchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish hamda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Sog‘liqni saqlash sohasida ona va bola salomatligini muhofaza qilish, pediatriya, tibbiy xizmatlar sifati va ulardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni joriy etish hamda sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish borasida tajriba almashish masalalari ko‘tarildi.
Farmatsevtika sohasida ikki mamlakatning tegishli tashkilotlari o‘rtasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish, innovatsion mahsulotlar va texnologiyalarni yaratish, ilmiy-tadqiqot natijalarini farmatsevtika amaliyotiga joriy etish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi.

Yig‘ilishda ta’lim, ilm-fan va tibbiyot sohalaridagi hamkorlikni faqat tajriba almashish bilan cheklab qolmasdan, aniq qo‘shma loyihalar, ilmiy-tadqiqot dasturlari, kadrlar tayyorlash va innovatsion ishlanmalarni amalga oshirish orqali yanada chuqurlashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston va Belarusning tegishli tashkilotlari o‘rtasida ta’lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator kelishuvlar imzolandi.

Mazkur kelishuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni gumanitar va ijtimoiy sohalarda yanada mustahkamlash, ta’lim va ilmiy yo‘nalishdagi aloqalarni kengaytirish hamda amaliy hamkorlikning yangi mexanizmlarini shakllantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Norgul Abduraimova,
Bekzodbek Saidov (surat),
O‘zA