O‘zbekiston va Belarus notarial palatalari hamkorlik qiladi
Notarial harakatlar bilan bog‘liq huquqiy jarayonlar bugungi kunda masofa tanlamaydi. Chunki migratsiyaning faollashgani tufayli fuqarolar dunyoning turli mamlakatlarida faoliyat olib borishi ko‘paydi.
Shu bois notariat sohasi vakillari ham o‘zaro xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda. O‘zbekiston Respublikasi notarial palatasi Xalqaro notariuslar ittifoqiga a’zo bo‘lish, boshqa davlatlar notarial palatalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Hozirgacha Litva hamda Ukraina davlatlari notarial palatalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan.
Navbatdagi memorandum Belarus notarial palatasi bilan imzolandi.
“Zoom”platformasi orqali o‘tkazilgan vebinarda O‘zbekiston notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov, Belarus notarial palatasi raisi Natalya Borisenko o‘zaro muloqot chog‘ida notarial xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro tendensiyalar, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida fikr almashdi.
Vebinarni ikkala mamlakatda faoliyat olib boruvchi notariuslar onlayn kuzatib bordi.

Notariuslar Minsk shahar hududiy notarial okrugi boshlig‘i Yelena Metelskayaning “Belarusda notarial o‘z-o‘zini boshqarish va notariuslarning vakolatlarini tashkillashtirish” mavzusidagi ma’ruzasini tingladi. Belarus tajribasi yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob ham oldi.
Vebinarda Yashnobod tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Elmira Mamedova O‘zbekistonda xususiy amaliyot bilan shug‘ullanayotgan notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan notarial harakatlar, aholiga qulaylik yaratish maqsadida joriy etilayotgan yangiliklar haqida belaruslik hamkasblariga batafsil ma’lumot berdi.
Ma’ruza Belarus notarial palatasi rahbariyati hamda notariuslarda juda katta qiziqish uyg‘otdi. N.Borisenko O‘zbekiston notariatidagi ba’zi yangiliklarni o‘z mamlakatida ham joriy etish kerakligi haqida fikr bildirdi.
Minsk shahar notarial okrugi notariusi Yuliya Bojko “Belarus Respublikasi notariuslari tomonidan dalillarni taqdim etish: asoslari, turlari, axborot texnologiyalarida qo‘llanilishi” mavzusida ma’ruza qildi.
Barcha chiqishlar har ikkala tomon notariuslari uchun qiziqarli va foydali bo‘ldi.
N.Abduraimova, O‘zA