O‘zbekiston va Armaniston o‘rtasida huquqiy axborot sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Qonunchilik hujjatlarini yaratish bilan bir qatorda ularni tizimlashtirish, mazmunan qayta ishlash, tarjima qilish va foydalanuvchilarga qulay shaklda taqdim etish ham huquqiy axborot tizimining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Bu yo‘nalishda raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish va xorijiy tajribani o‘rganish sohani yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markaziga Armaniston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Ofitsialnыye vedomosti” yopiq aksiyadorlik jamiyati delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad huquqiy axborot sohasida o‘zaro tajriba almashish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash va istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qilishga qaratilgan.
Uchrashuvda Armaniston delegatsiyasi vakillariga “Adolat” milliy huquqiy axborot markazining faoliyati, normativ-huquqiy hujjatlarga yuridik va texnik ishlov berish jarayonlari, shuningdek, sohada qo‘llanilayotgan zamonaviy axborot texnologiyalari haqida ma’lumot berildi.
Muloqot doirasida “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi va “Ofitsialnыye vedomosti” yopiq aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat huquqiy axborot sohasidagi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish, qonunchilik bazalarini texnik jihatdan takomillashtirish, qonunchilik hujjatlarini tarjima qilish va nashr etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.

Shuningdek, xorijiy delegatsiya a’zolari markazning normativ-huquqiy hujjatlarga yuridik ishlov berish va texnik ishlov berish bo‘limlari faoliyati bilan tanishdi. Ularga qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish, yuridik qayta ishlash va mazkur jarayonlarda qo‘llanilayotgan amaliyotlar namoyish etildi.
Markaz axborot xizmatiga ko‘ra, Armaniston delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi 20-sentabrga qadar davom etadi. Tashrif dasturidan huquqiy sohani raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish va istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ham o‘rin olgan.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA