O‘zbekiston va AQSH: suv ta’minoti sohasida raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik kengaymoqda
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ichimlik suvi ta’minoti sohasini modernizatsiya qilish, tarmoqni raqamlashtirish hamda zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada xalqaro tajriba va ilg‘or texnologiyalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya AQSHda xizmat safari bilan bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Ahmad Suvonqulov hamda AQSHning “Nobel Systems” kompaniyasi bosh direktori Maykl Semuel o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda ichimlik suvi ta’minoti sohasini raqamlashtirish, geoaxborot tizimlarini keng joriy etish va tarmoqni zamonaviy boshqaruv mexanizmlari asosida rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar muhokama qilindi. Shuningdek, raqamli texnologiyalar yordamida infratuzilma ob’ektlarini samarali boshqarish, tarmoqda aniq hisob-kitob yuritish va xizmatlar sifatini yanada oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.
Kompaniya vakillari geoaxborot tizimlari sohasida to‘plangan xalqaro tajriba hamda innovatsion yechimlarni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlariga tatbiq etishga tayyor ekanini bildirdi.
Ma’lumot o‘rnida, “Nobel Systems” kompaniyasi 1992-yilda AQSHning Kaliforniya shtatidagi Redlends shahrida tashkil etilgan bo‘lib, geoaxborot tizimlari (GIS) bo‘yicha dasturiy yechimlar ishlab chiqish va ularni amaliyotga tatbiq etishga ixtisoslashgan. Bugungi kunda kompaniyaning texnologiyalaridan AQSH va boshqa davlatlardagi 100 dan ortiq suv ta’minoti tashkiloti, energetika kompaniyalari hamda mahalliy davlat boshqaruvi organlari foydalanib kelmoqda.
Muzokaralar chog‘ida Jizzax viloyatida pilot loyiha sifatida joriy etilgan geoaxborot tizimi tajribasini Respublikaning boshqa hududlarida ham ommalashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan kompaniyaning xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarida qatnashishi yuzasidan taklif bildirildi.
Tomonlar, shuningdek, xalqaro moliya institutlari tomonidan suv ta’minoti sohasini raqamlashtirish uchun ajratilishi rejalashtirilayotgan grant mablag‘lari hisobidan geoaxborot tizimlarini yaratishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini birgalikda atroflicha o‘rganishga kelishib oldi.
Uchrashuv yakunida “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati va “Nobel Systems” kompaniyasi o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni izchil davom ettirish, qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish hamda o‘zaro sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Mazkur uchrashuv suv ta’minoti sohasini raqamli transformatsiya qilish, zamonaviy geoaxborot texnologiyalarini keng joriy etish va xalqaro sheriklar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Nilufar Bozorova, O‘zA