O‘zbekiston va Afg‘oniston: oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik
Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi doirasidagi “Gumanitar rivojlanish – Afg‘onistonning farovon kelajagiga yo‘l” sho‘’ba yig‘ilishida ikki davlat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotdigan afg‘on yoshlari safini yanada kengaytirish, shuningdek, o‘quv markazlarida turli sohalar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash va ular malakasini oshirish istiqboli muhokama qilindi.
Dastlab birgalikda olib borilayotgan amaliy ishlar haqida so‘z yuritildi, taqdimotlar namoyish qilindi. Hamkorlik debochasi sifatida Afg‘oniston bilan chegaradosh Surxondaryo viloyatida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish bo‘yicha Ta’lim markazi tashkil etilgan. Ayni yo‘nalishdagi mavjud aloqani yanada kengaytirish maqsadida ikki davlat oliy ta’lim vazirliklari o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumiga ko‘ra, Afg‘oniston fuqarolarini nafaqat Termiz tumanidagi ta’lim markazida, balki butun O‘zbekiston bo‘ylab oliy o‘quv yurtlarida o‘qitish tartibi belgilandi.
Keyingi paytda qo‘shma loyihalar ko‘lami oshmoqda. Xususan, 2022 yil mart oyida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, YeI delegatsiyasi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy missiyasi sherikligida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish va malakasini oshirishga qaratilgan navbatdagi loyiha yo‘lga qo‘yildi.

Bir yil davomida amalga oshiriladigan, jami byudjeti 1 million yevroni tashkil qiladigan loyihaning yillik kurslarida 100 kishi tahsil oladi, uch oylik kurslarning birinchi bosqichida 48 kishi o‘qitildi.
Tashabbus doirasida 336 nafar Afg‘oniston fuqarosini o‘qitishni moliyalashtirish rejalashtirilgan. Hozir “Transport va avto ta’mirlash”, “Tikuvchilik”, “Kompyuter fanlari va axborot texnologiyalari” (veb-ishlab chiqaruvchi), “Agro biznes va marketing”, “Kompyuter fanlari va axborot texnologiyalari” kabi ta’lim dasturlari bo‘yicha 1 yillik, 3 oylik kasb-hunar o‘quv kurslari tashkil etilmoqda.
Bundan tashqari ta’lim sifatini yanada yaxshilash maqsadida ikki mamlakat universitetlariaro sheriklik yo‘lga qo‘yilgan. Bu jarayonda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik va Toshkent davlat transport universitetlari Afg‘onistonning Balx universiteti bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
O‘zA