O‘zbekiston – Turkmaniston: Yaxshi qo‘shnichilikdan strategik sheriklik sari
Markaziy Osiyo mintaqaviy diplomatiyasining ajralmas bo‘lagi sanalgan O‘zbekiston va Turkmaniston munosabatlari bugungi kunda oddiy qo‘shnichilikdan strategik sheriklik sari rivojlanmoqda. Qayd etish joiz, ikki mamlakatni umumiy chegara, Amudaryo havzasi, tarixiy savdo yo‘llari, qardoshlik rishtasi, madaniy yaqinlik, energetika va transport manfaati, eng muhimi mintaqaviy tinchlik va barqarorlik yo‘lidagi umumiy mas’uliyat birlashtirib turadi. Shu jihatdan O‘zbekiston – Turkmaniston hamkorligi nafaqat ikki tomonlama munosabat, balki butun Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch, barqarorlik va amaliy integratsiya jarayonining muhim ko‘rsatkichidir.
Darhaqiqat, bugun Toshkent va Ashxobod muloqoti yangi bosqichga ko‘tarilib, sheriklik mazmuni amaliy tus oldi. Savdo hajmini oshirish, chegara oldi hududlarini iqtisodiy jihatdan faollashtirish, transport yo‘laklarini ko‘paytirish, energetika va suv xo‘jaligida muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish, madaniy-gumanitar almashinuvni kuchaytirish kun tartibi markaziga chiqqan. 2017-yil 6-martda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi Shartnoma erishilayotgan yutuqlar asnosida tizimli, uzoq muddatli va ko‘p qirrali sheriklik darajasidagi muloqot asosini shakllantirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘zaro munosabatning asosiy tayanchi – oliy darajadagi siyosiy ishonchdir. So‘nggi yillarda muntazam tus olgan ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muloqot nafaqat ikki tomonlama aloqa sur’atiga, balki Markaziy Osiyodagi umumiy siyosiy muhitga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Qayd etish joiz, 2025-yil 16-17-noyabr kunlari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning O‘zbekistonga davlat tashrifi munosabatlar tarixida muhim bosqich bo‘ldi. Yetakchilar “Shovot – Toshhovuz” qo‘shma chegara oldi savdo hududi ochilishi marosimida ishtirok etishi, sammit yakunida Qo‘shma bayonot va ikki tomonlama hujjatlar to‘plami qabul qilindi. Muzokaralar yakunida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov Qo‘shma bayonotni imzolab, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, suv-energetika va madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Bu tashrifning strategik ahamiyati shundaki, O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlari faqat diplomatik do‘stlik darajasida emas, balki amaliy iqtisodiy va mintaqaviy hamkorlikning yangi modeli sifatida ko‘riladi. Davlat rahbarlari tomonidan imzolangan hujjatlar, ishga tushirilgan savdo zonasi, transport va energetika bo‘yicha kelishuvlar ikki mamlakat sherikligini amaliy loyihalar bilan boyitdi.
Binobarin, O‘zbekiston va Turkmaniston strategik sherikligi boshqa ko‘plab ikki tomonlama aloqalardan o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi.
Avvalo, sheriklik geografik yaqinlikka tayanadi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi chegaradosh hududlar – Xorazm, Buxoro, Qoraqalpog‘iston, Lebap, Toshhovuz va boshqa mintaqalar o‘zaro savdo, transport, madaniy almashinuv va qarindoshlik rishtalari orqali tabiiy bog‘langan. Qolaversa, suv-energetika va ekologiya mas’uliyati chambarchas bog‘liq. Amudaryo havzasi, cho‘l hududi, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasi, Orol bo‘yi muammosi va qishloq xo‘jaligi ehtiyoji davlatlarimiz uzoq muddatli muvofiqlashtirilgan siyosat yuritishini taqozo etadi.
O‘zbekiston va Turkmaniston Markaziy Osiyoda mintaqaviy barqarorlikni saqlashdan manfaatdor. Turkmanistonning doimiy betaraflik siyosati hamda O‘zbekistonning ochiq, yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan tashqi siyosati bir-birini to‘ldiradi. Shu bois ikki davlat BMT, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvi va boshqa xalqaro-mintaqaviy tuzilmalarda muloqotni davom ettirmoqda.
Eng muhim yo‘nalishlaridan biri – savdo-iqtisodiy aloqalar so‘nggi yillarda barqaror o‘smoqda. 2025-yil aprel oyidagi ikki davlat rahbarlari muloqotida o‘tgan yil yakuniga ko‘ra tovar ayirboshlash qiymati 1,1 milliard dollardan oshgani qayd etilgan edi. Bu raqam ikki tomonlama savdo yangi bosqichga chiqayotganini ko‘rsatadi. Asosiy masala faqat savdo ko‘lamini kengaytirish emas. Muhimi – savdo tarkibini diversifikatsiya qilish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, kimyo, neft mahsulotlari, qurilish materiallari, to‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika va xizmat ko‘rsatish sohasida barqaror hamkorlik zanjirini yaratish.
Yuqorida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatining amaliy va ramziy loyihalaridan biri – “Shovot – Toshhovuz” qo‘shma chegara oldi savdo hududi.
Tabiiyki, savdo-iqtisodiy munosabat rivojlanishida transport-logistika sohasi muhim o‘rin tutadi. Ma’lumki, O‘zbekiston dengizga bevosita chiqish imkoni bo‘lmagan davlat sifatida xalqaro transport yo‘laklarini takomillashtirishdan manfaatdor. Turkmaniston esa Kaspiy dengizi orqali Kavkaz, Turkiya, Yevropa, Eron va Yaqin Sharqqa chiqish imkonini beruvchi muhim geoiqtisodiy makonda joylashgan. Shu jihatdan o‘tgan yilgi oliy darajali muzokaralarda mintaqaning transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish maqsadida hukumatlarga avtomobil, temir yo‘l va dengiz orqali tashuvni rivojlantirish, Turkmanboshi xalqaro dengiz portidan birga foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi. O‘shanda yuk tashish hajmi 30 foiz oshgani, jumladan Turkmanboshi porti orqali yetkazib berish faollashgani qayd etilgan.
Ayni yo‘nalishda O‘zbekiston uchun bir necha strategik imkoniyat mavjud. Birinchidan, Turkmaniston orqali Kaspiy dengizi, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya va Yevropa bozoriga o‘tish imkoni kengayadi. Ikkinchidan, janubiy yo‘nalishda Eron portlari orqali Yaqin Sharq va Hind okeaniga chiqish uchun muqobil suv yo‘li shakllanadi. Uchinchidan, Transkaspiy va Janubiy transport yo‘laklari uyg‘unlashuvi eksportimiz uchun logistika xavfsizligini ta’minlaydi.
Ma’lumki, Turkmaniston yirik tabiiy gaz zaxirasi, energetika infratuzilmasi va mintaqaviy eksport salohiyatiga ega. O‘zbekiston esa sanoat, aholi va iqtisodiyot o‘sishi sharoitida barqaror energiya ta’minoti, elektr energiyasi tranziti, qayta tiklanuvchi energetika va energetika xavfsizligini mustahkamlashdan manfaatdor.
Qolaversa, davlatimiz rahbarining mazkur davlatga navbatdagi tashrifi o‘zaro siyosiy ishonchni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqani yanada kuchaytirish, transport va energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, chegara oldi hududlarini faollashtirish hamda madaniy-gumanitar almashinuv ko‘lamini kengaytirishga zamin yaratishi shubhasiz.
Adhamjon Mamajonov,
TDSHU huzuridagi Sharq mamlakatlari
rivojlanishini tadqiq etish
ilmiy-tahlil markazi direktori