O‘zbekiston-Turkiya: Biznes sohasida qo‘shma dasturlar amalga oshiriladi
Poytaxtimizda Biznes-ombudsman Abdumannop Bo‘riyev va Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ufuq Ulutash uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda davlatlarimiz rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli oliy darajaga ko‘tarilgan keng qamrovli strategik sheriklikni tadbirkorlar uchun aniq va amaliy natijalarga aylantirish, iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash hamda investorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Muloqot chog‘ida ta’kidlanganidek, savdo-iqtisodiy hamkorlik ko‘lami izchil kengayib bormoqda. Xususan, 2025-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3,1 milliard dollarga yetdi, Turkiyadan 2,6 milliard dollar miqdorida investitsiya jalb etildi.
Mamlakatimizda Turkiya sarmoyasi ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar safi tobora kengayib bormoqda. Turkiya ishbilarmon doiralari faolligining bunday yuksalishi ularning qonuniy manfaatlarini institutsional darajada himoya qilish mas’uliyatini ham yanada oshirmoqda.

Uchrashuv davomida hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha bir qator aniq takliflar ilgari surildi. Jumladan, Biznes-ombudsman va Turkiyaning tegishli institutlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekspertlar muloqotini yo‘lga qo‘yish, TİKA bilan birgalikda biznesda halollik va huquqiy madaniyatni oshirishga qaratilgan qo‘shma dasturlarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA