O‘zbekiston temir yo‘l transporti sohasi xodimlariga
Qadrli do‘stlar!
Avvalo, siz, azizlarni – o‘z kasbining haqiqiy ustasi bo‘lgan ishchi va xizmatchilar, quruvchi va muhandislar, mashinistlar, vagon kuzatuvchilari hamda soha faxriylarini Temir yo‘l transporti xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Sizlar fidokorona mehnatingiz bilan Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy qudratini oshirish, transport-kommunikatsiya tizimini izchil rivojlantirish va xalqimiz farovonligini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelayotganingizni ushbu qutlug‘ ayyomda yana bir bor e’tirof etamiz.
So‘nggi yillarda sohada olib borayotgan keng ko‘lamli islohotlarimiz ulkan natijalar bermoqda. Bu o‘zgarishlarni 2 ming 400 kilometrdan ko‘proq yangi temir yo‘l tarmoqlari qurilib, foydalanishga topshirilgani, 3 ming kilometrdan ortiq yo‘llar elektrlashtirilib, 1 ming 100 kilometrdan ziyodi reabilitatsiya qilingani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Bu haqda so‘z yuritganda, yirik investitsiya loyihalari asosida Samarqand – Urgut, Baytqo‘rg‘on – Parkent, Urganch xalqaro aeroporti – Xiva temir yo‘l tarmoqlari barpo etilgani, Navoiy – Buxoro uchastkasining ikkinchi elektrlashtirilgan liniyasi ishga tushirilgani, bir qator istiqbolli yo‘nalishlarda esa qurilish ishlari jadal davom ettirilayotganini qayd etish lozim.
Shu bilan birga, Maroqand – Navoiy, Buxoro – Urganch – Xiva, Miskin – Nukus, Qumqo‘rg‘on – Quduqli kabi muhim yo‘nalishlarni elektrlashtirish, temir yo‘l stansiyalarining o‘tkazuvchanlik imkoniyatlarini kengaytirish orqali milliy logistika tizimi samaradorligi oshirilmoqda.
Ayniqsa, mamlakatimizni jahon transport yo‘laklari bilan yanada ishonchli bog‘laydigan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li barpo qilinayotgani, qo‘shni Afg‘oniston bilan temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik izchil davom ettirilayotgani O‘zbekistonning mintaqaviy transport va tranzit markazi sifatidagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlarini yanada takomillashtirish maqsadida Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasi tomonidan maxsus ishlab chiqarilgan, yuqori tezlikdagi yangi “Jaloliddin Manguberdi” elektropoyezdining Toshkent – Xiva – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha foydalanishga topshirilgani diqqatga sazovordir.
Temir yo‘l vokzallarini zamonaviy qiyofaga keltirish, ularning muhandislik va servis infratuzilmasini tubdan yangilash, tadbirkorlik uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Sohada raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlarini keng joriy etishga ham alohida e’tibor berilmoqda.
Biz yaqin yillarda yuzlab zamonaviy yo‘lovchi vagonlarini, yuqori texnologik poyezdlarni xarid qilish, temir yo‘l infratuzilmasini yanada kengaytirish va xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish bo‘yicha yangi va ulkan rejalarni amalga oshiramiz.
Biz sizlar kabi minglab zahmatkash temiryo‘lchilar bilan, sizlarning kasbiy mahoratingiz, boy bilim va tajribangiz, vatanparvarlik fazilatlaringiz bilan bunday yuksak marralarga albatta erishamiz.
Siz, azizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor qutlab, mamlakatimiz temir yo‘l tizimini yanada zamonaviy, innovatsion va xalqaro miqyosda raqobatbardosh tarmoqqa aylantirishdek sharafli yo‘lda barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, olijanob faoliyatingizda yutuq va omadlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti