O‘zbekiston Superligasi: 23-tur yakunlandi
Mazkur turda dastlabki o‘yin “Paxtakor” – “Andijon” klublari o‘rtasida o‘tkazildi. Ushbu bahs 3:1 hisobida yakunlandi. Oradan ikki kun o‘tib esa “Lokomotiv” – “Nasaf” bahsi 0:1, “So‘g‘diyona” – “Surxon” uchrashuvi 2:4 hisobida tugadi.
Ushbu turda “Nasaf” klubi g‘alaba qozonib, 52 ochko jamg‘argan holda musobaqa yakuniga 3 tur qolganda muddatidan avval O‘zbekiston chempioniga aylandi. Shuningdek, Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari ushbu unvonga o‘z tarixida ilk bor erishdi va O‘zbekiston Superligasi (Oliy liga) tarixidagi Toshkent klublarining 23 yillik gegemonligiga chek qo‘ydi.

Bungacha “Neftchi” 2001 yilda O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. Shundan keyin o‘tgan 23 yil davomida chempionlik faqat Toshkent klublariga nasib qilayotgan edi. Xususan, so‘nggi 5 yil davomida “Paxtakor” chempionlikni hech kimga bermay kelayotgan edi.
Milliy chempionatlarimiz tarixida “Paxtakor” 16 marotaba, “Bunyodkor” va “Neftchi” 5, “Lokomotiv” 3, “Do‘stlik” 2, “Navbahor”, “MHSK” va “Nasaf” klublari 1 martadan bosh sovrinni qo‘lga kiritgan.

“So‘g‘diyona”ning bu turdagi alamli mag‘lubiyati jamoaga qimmatga tushdi. Buning natijasida klub 37 ochko bilan 4-pog‘onaga tushib, 38 ochko to‘plagan “Paxtakor”ga uchinchi o‘rinni bo‘shatib berdi. Shuningdek, bu turda “Olimpik” – “Navbahor” 1:2, “Qizilqum” – “Dinamo” 1:2, “Neftchi” – “Bunyodkor” 2:1, “Metallurg” – OKMK 1:1 natijalari qayd etildi.

Superliga jadvalida “Nasaf” klubi 52 ochko bilan birinchi pog‘onadan joy olgan bo‘lsa, OKMK klubi 40 ochko bilan ikkinchi, “Paxtakor” esa 38 ochko bilan kuchli uchlikni yakunlab berdi. “So‘g‘diyona” 37, “Navbahor” 36 ochko bilan milliy chempionatimiz beshligidan joy oldi. Garchi “Neftchi” ham 36 ochko to‘plagan bo‘lsada, gollar nisbatiga ko‘ra 6-o‘ringa joylashdi.

Hozirda “Paxtakor” jamoasi sardori Dragan Cheran 13 ta gol bilan to‘purarlar jadvalida peshqadamlik qilmoqda. “So‘g‘diyona” jamoasi a’zosi Lyupcho Doriyev 11 ta gol bilan ikkinchi, “Dinamo” a’zosi Anvarjon Hojimirzayev 10 ta gol bilan uchinchi o‘rindan joy olgan.
O‘zbekiston Superligasining 24-tur uchrashuvlari 7-10 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda OKMK — “Olimpik”, “Dinamo” – “Lokomotiv”, “Bunyodkor” – “Metallurg”, “Paxtakor” – “Navbahor”, “Surxon” – “Neftchi”, “Nasaf” – “So‘g‘diyona”, “Andijon” – “Qizilqum” bahslariga guvoh bo‘lamiz.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA