O‘zbekiston shishasozligiga Rossiyada katta qiziqish
Qubo (xozirgi Quva) tepaligida arxeologlar tarixi 3 ming yillik shisha idishlar topdi. Qizig‘i shundaki, ular g‘oyat nozik, qolaversa, rangli ham edi.
Ha, yurtimizda shishasozlik qadim-qadimdan mavjud bo‘lgan va ajdodlarimiz noyob san’at ustalari sifatida sharqu g‘arbga nom chiqargan.
Bugun ham bu an’ana davom etib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hududlari Kengashining III yig‘ilishi doirasida Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurgan mehmonlar viloyatning yirik sanoat korxonalaridan biri – Quvasoy shahridagi “Kvars” aksiyadorlik jamiyatida Farg‘onalik shishasozlar huzurida bo‘ldi.
1975-yilda foydalanishga topshirilgan mazkur korxona bugungi kunda Markaziy Osiyoda listli va rangli shisha mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik sanoat korxonalaridan biriga aylangan.
Mehmonlarga korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari, texnologik jarayonlari, mahsulot turlari hamda eksport salohiyati haqida ma’lumot berildi.
Korxonada Yevropa uskunalari bilan jihozlangan, sutkasiga 200 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega float liniyasi faoliyat ko‘rsatadi. Uning yillik loyiha quvvati 10 million kvadrat metrni tashkil etadi. Mazkur liniya orqali turli rang va o‘lchamdagi listli shishalar ishlab chiqariladi.
400 tonna quvvatga ega yana bir liniyada esa silliqlangan shishalar tayyorlanadi. Ushbu liniyaning yillik loyiha quvvati 22 million kvadrat metrga teng.
Korxonada shaffof, och yashil, jigarrang, kulrang va qora tusdagi shishalar ham ishlab chiqariladi.
Shuningdek, “Kvars” AJda turli shakl va dizayndagi shisha idishlar – butilka va bankalar buyurtma asosida tayyorlanadi. Korxona mahsulotlari ichki bozor ehtiyojlarini ta’minlash bilan bir qatorda, xorijiy mamlakatlarga ham eksport qilinadi. Turli nufuzli ko‘rgazmalarda muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda.
Tashrif davomida mehmonlarga shisha idishlarning mustahkamligi va chidamliligi amaliy tarzda namoyish etildi. Rossiya ishbilarmon tadbirkorlari “Kvars” bilan hamkorlik masalalarini o‘rtaga qo‘ydi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA