O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi FIDE tomonidan «Eng yaxshi federatsiya» deb e’tirof etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari hamda ularning yaqinlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Prezidentimiz har bir chempion ortida uning ota-onasi, birinchi ustozi, murabbiylari va qo‘llab-quvvatlagan butun bir jamoa turishini ta’kidladi. Shu bois, mazkur g‘alaba ularning ham mehnati samarasidir.
Davlatimiz rahbari Rustam Qosimjonovga alohida murojaat qildi. Uning jahon chempionligi o‘zbek shaxmatida yangi davrni boshlab bergani, bugun esa orttirgan tajribasi yangi avlodga o‘tayotgani qayd etildi.
– Ustozning eng katta g‘alabasi – shogirdlarining undan ham baland marralarga chiqishidir! – dedi Prezidentimiz hamda bugun o‘zbek shaxmatida ana shunday avlodlar davomiyligi yaqqol ko‘rinayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi FIDE tomonidan «Eng yaxshi federatsiya» deb e’tirof etildi. Rustam Qosimjonov FIDEning faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova esa Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy prezidenti etib saylandi.
Davlatimiz rahbari bu e’tiroflarni O‘zbekistonning shaxmat mamlakati sifatida jahondagi nufuzi yuksalayotganining yana bir dalili sifatida baholadi.
O‘zA