O‘zbekiston – Ruminiya. Hamkorlik yo‘lida yangi qadamlar
Yaqin tarix va kelajak…
Har yil oktyabr oyi boshida O‘zbekiston va Ruminiya o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilgan kun nishonlanadi. 28 yil ilgari do‘stlik bitimiga erishgach, turli sohalarda yaqin hamkorlik qilib kelayotgan bu ikki yurt ijtimoiy-siyosiy jarayonda bir-birini qo‘llab kelmoqda.
Aholisi 20 milliondan ziyod, Yevropa janubi-sharqida joylashgan Ruminiya ma’muriy jihatdan 40 uyezd va uyezdga tenglashtirilgan Buxarest munitsipiyasidan iborat.
Mamlakatning amaldagi konstitutsiyasi, qarang-ki, bizning qomusimizdan roppa-rosa bir yil oldin – 1991 yil 8 dekabr kuni referendum yo‘li bilan qabul qilingan. 1955 yildan buyon BMT a’zosi hisoblangan Ruminiya O‘zbekiston mustaqilligini 1991 yil 20 dekabrda tan olgan, 1995 yil 6 oktyabrda o‘zaro diplomatiya munosabati o‘rnatilgan.
O‘zbekiston va Ruminiya o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilganiga 28 yil to‘lgani munosabati bilan O‘zA «Xalqaro munosabat. O‘zbekiston» loyihasining navbatdagi sonida ikki mamlakat hamkorligi rivojlanishi sur’atiga, shuningdek, yaqin tarixga murojaat qiladi.
Ruminiyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniel Kristian Chobanu mazkur ahamiyatli sana munosabati bilan o‘zbek xalqiga tabrik yo‘lladi.
Qutlov murojaatida diplomat hamkorlik barcha sohalarda jadal rivojlanayotgani, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ikki tomonlama aloqani chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyat ochayotganini ta’kidlagan.
Darhaqiqat, davlatlarimiz o‘zaro manfaatli sheriklik uchun ulkan salohiyatga ega. Buni yaqin tarix ko‘rsatib turibdi.
Siyosat va diplomatiya
So‘nggi yillarda siyosiy-diplomatik darajada yaxshi natijalarga erishildi. Ruminiya Tashqi ishlar vazirligining Strategik masalalar bo‘yicha davlat kotibi, janob Yu.Fota va O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘.Fozilov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan maslahatlashuv chog‘ida hamkorlikning umumiy holati haqida ma’lumot taqdim etilgandi.
O‘tgan yil 18 dekabr kuni Ruminiya elchixonasi O‘zbekiston bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan minnatdorlik maktubi olgan.
Savdo-iqtisodiyot
Ruminiya statistikasiga ko‘ra, 2022 yil yakuni bo‘yicha savdo ayirboshlash miqdori 2021 yilga nisbatan 330 foiz oshgan. O‘zbekistonning Ruminiyaga eksporti sezilarli darajada ko‘paygan, o‘tgan yil Ruminiyaning respublikamizga eksporti esa Ozarbayjon, Armaniston yoki Turkmaniston kabi geografik jihatdan yaqin joylashgan mamlakatlar bilan qayd etilgan ko‘rsatkichdan oshgan.
Madaniyat
Munosabatlar tarixida ilk bor “Ruminiya kinosi kunlari” (2022 yil) o‘tkazilishi, Xalqaro Ruminiya kiyimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar (2022 va 2023 yillar), Toshkentda ajoyib ko‘rgazmalar (2022 yilda “Ruminiyaning jahon merosiga qo‘shgan hissasi”, “Ruminiya diplomatiyasi va Buyuk Ittifoq”, “Buyuk haykaltarosh Konstantin Brinkush ijodi”, “Jorj Eneska. Ruminiyaning atoqli bastakori xotirasiga”, 2023 yil “Buxarest – kichkina Parij”), VII Xalqaro jaz festivali doirasida Ruminiyaning “Ineffable” guruhi konserti tashkil etilishi alohida ahamiyat kasb etdi.
Bir necha kun avval “Ipak yo‘li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida “Tog‘larni ko‘chiruvchi ota” va “Mikado” nomli rumin kinosi durdonalari namoyish etildi.
Ta’lim
Kelajagimiz – yoshlar munosib bilim olishi uchun muhim tashabbuslar ilgari surilayotgani quvonarli. Ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan islohotlar yo‘li ikki yurt qarashlariga esh. Jahon tajribasiga tayanib, farzandlarini barkamol etib tarbiyalash yo‘lida sobit O‘zbekiston va Ruminiya “ertani o‘ylab, bugun kechagi kundan saboq chiqarib, hech vaqt harakatdan to‘xtamaslik kerak” tamoyilga qat’iy rioya qiladi.
2022 yil sentyabrda Ruminiya ta’lim vaziri O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri bilan uchrashuv o‘tkazgan. Ruminiya vaziri Nyu-Yorkda, BMT Bosh Assambleyasi doirasida delegatsiyamiz tomonidan tashkil etilgan “Ta’limni o‘zgartirish yoshlikdan boshlanadi: ilk davrdan poydevor qo‘yish” mavzusidagi tadbirda so‘zga chiqib, mamlakatlarimiz juda muhim va porloq kelajakka eltuvchi takliflar ijrochisiga aylanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlagan.
O‘zaro munosabatning yana bir ijobiy ko‘rinishi sifatida Ruminiya YUNISEF ko‘magida Xorazm viloyati olis qishloq bolalari uchun ikki muqobil maktabgacha ta’lim muassasasi ochilishi uchun mablag‘ ajratganini aytish mumkin. Oliy o‘quv yurtlarimiz ham yaqin hamkorlik qiladi. Yevropa Ittifoqining 11oktyabr kuni Samarqand, 13 oktyabr kuni Namanganda bo‘lib o‘tadigan ta’lim ko‘rgazmasida Ruminiyaning ikki nufuzli universiteti tanishtiriladi.
Turizm
2022 yil may oyida Toshkentda O‘zbekiston va Ruminiya sayohlik agentliklari milliy assotsiatsiyalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi. O‘tgan yilning yanvar-noyabr oylarida Ruminiyadan O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni 2021 yilning shu davri bilan qiyoslaganda 40 foiz o‘sdi. Demak, ayni yo‘nalishdagi ishlar samara bermoqda.
Ruminiya Yevropa Ittifoqi doirasida ham O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashga intiladi. Jumladan, YeIning Markaziy Osiyo uchun strategiyasini qo‘llab-quvvatlaydi, birgalikdagi loyihalarni ilgari surishda davom etadi. Bu boradan Qora dengiz – Kaspiy dengiz xalqaro transport yo‘nalishi strategik ahamiyatga ega.
– Men diyoringizda 2021 yil 3309 metrli Katta Chimyon, 2022 yil 4083 metrli Hazrat Sulton va 2023 yil 2823 metrli Po‘latxon platosi singari bir necha eng baland cho‘qqilarni zabt etgan va o‘sha manzillarda O‘zbekiston mustaqilligi kuni munosabati bilan tabrikli videoroliklar yozib olgan birinchi elchi bo‘lganimdan g‘ururlanaman, – deydi elchi Chobanu. – Xalq diplomatiyasining yutug‘i sifatida bunday tadbirlar keng jamoatchilikka manzur bo‘ladi. Kelajakda Ruminiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabat ham mana shunday yuqori cho‘qqilarga ko‘tarilishiga ishonaman.
O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.