O‘zbekiston – Rossiya: ta’lim tizimida hamkorlik
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida Immanuel Kant nomidagi Boltiq Federal universiteti rektori Aleksandr Fyodorov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida bakalavriat yo‘nalishida davolash ishi, stomatologiya va farmatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari ochilishi bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Muzokaralar davomida turli ilmiy-amaliy tadbirlar tashkil etish, tadqiqot ishlari o‘tkazish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalarning akademik almashinuvi masalalari ham muhokama qilindi.

Shuningdek, mehmon Buxoro davlat tibbiyot institutining yangi binosi, bu yerda tashkil etilgan Simulyatsion markaz, klinika hamda talabalar turar joylari bilan tanishdi. Mehmonlar institutning kelgusidagi imkoniyatlarini yuqori baholab, hamkorlik masalalari ikki tomonlama manfaatli ekanini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti ayni paytda mamlakatimizdagi Oliy ta’lim muassasalar ichida xalqaro oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish borasida yetakchi o‘rinda turadi. Institut ayni paytda 50 ga yaqin xalqaro tashkilotlar bilan memorandum va shartnomalar imzolagan.
Zarif Komilov, O‘zA