O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan forum bo‘lib o‘tdi
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir stipendiatlarni, ularning ota-onalarini, davlat tuzilmalari, diplomatik vakolatxonalar va hamkor tashkilotlar vakillarini hamda yoshlarni birlashtirdi.
Ta’kidlanganidek, “El-yurt umidi” stipendiya dasturi nafaqat iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, balki uzoq muddatli davlat strategiyasining bir qismidir. Asosiy maqsad – “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi vazifalarini hayotga tatbiq eta oladigan islohotchilar va yetakchilar avlodini tayyorlashdan iborat. Neft va gaz daromad keltirishi mumkin, biroq aynan bilimli va intiluvchi yoshlar mamlakatning barqaror rivojlanishini ta’minlaydi.
Kunning ikkinchi yarmida “El-yurt umidi” jamg‘armasining 2026-yil 1-ochiq stipendiya tanlovi g‘oliblari uchun maxsus o‘quv seminari ham o‘tkazildi. Tadbir yoshlarni xorijda yashash va o‘qishga tayyorlash, ularning stipendiat sifatidagi vazifa va majburiyatlarini tushuntirish, shuningdek, “O‘zbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirishdagi rolini ta’kidlashga qaratildi.
Tegishli vazirlik va idoralar mas’ullari, jamg‘arma rahbariyati va xodimlari, ekspertlar hamda oldingi yillarda xorijiy universitetlarni tamomlagan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari o‘z bilim va tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
O‘quv seminar davomida bir qator dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi. “O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari”, “O‘zbekiston tarixi, madaniyati, an’analari, turizm va investitsion salohiyati”, “Ma’naviy-axloqiy tafakkur, sog‘lom dunyoqarash, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, davlat tiliga e’tibor”, “Xalqaro etiket va protokol, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi vakolatxonalari bilan hamkorlik hamda konsullik hisobida turish” kabilar shular jumlasidandir .
[gallery-30765]
Seminar faol sessiyalar, taqdimotlar va mahorat darslari shaklida o‘tdi.
Tadbir doirasida ertaga yoshlar Oliy Majlis Senati va Raqamli texnologiyalar vazirligi faoliyati bilan tanishib, mutasaddilar bilan ochiq muloqot o‘tkazadi. Shuningdek, yoshlar Islom sivilizatsiyasi markaziga ekskursiya davomida xalqimizning boy tarixi, madaniyati va ma’naviy merosini aks ettiruvchi keng qamrovli ko‘rgazmalar bilan tanishadi. Kun yakunida jadidlar hayotiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyishi va stipendiatlarning taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.
Aytish kerakki, 2025–2026-yillarda “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasi uchun uchta ochiq tanlov yangilangan talablar asosida o‘tkazildi. Ularda ochiqlik, shaffoflik, adolat va barcha uchun teng imkoniyatlar asosiy tamoyillarga aylandi. Natijada 447 nafar yoshlar (332 nafari bakalavriat, 100 nafari magistratura, 15 nafari doktorantura) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindoriga aylandi. Ularning 30 foizi xotin-qizlardir.
Xususan, 2026-yil birinchi ochiq stipendiya tanlovida ishtirok etish uchun 18 100 dan ortiq nomzod ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, shundan 1 490 nafari onlayn platforma orqali hujjatlarini muvaffaqiyatli yuklagan. Barcha bosqichlar yakunlari bo‘yicha Boshqaruv kengashi qarori bilan birinchi ochiq stipendiya tanlovida 210 nafar nomzod “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori” (169 nafari bakalavriat, 39 nafari magistratura, 2 nafari doktorantura) deb e’tirof etildi.
Stipendiatlar 15 ta davlatdagi universitetlardan qabul xatlarini olgan. Top-5 talik davlatlar qatorida – Buyuk Britaniya, AQSH, Xitoy, Avstraliya va Koreya Respublikasi borligi diqqatga sazovor.
N.Usmonova,
F.Abdurasulov (suratlar),
O‘zA