O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammitidagi nutqi
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Avvalambor, qadimiy va navqiron Turkiston shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy muloqotini o‘tkazish tashabbusi, barchamizga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtirom va an’anaviy mehmondo‘stlik uchun Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayevga chin dildan tashakkur izhor etaman.
Shuningdek, Tuzilmamizning xalqaro nufuzini mustahkamlash yo‘lida ulkan sa’y-harakatlarni amalga oshirayotgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyevga samarali raisligi uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.
Bugungi anjuman musulmon ummatining ulug‘ ayyomi –muborak Qurbon hayiti arafasiga to‘g‘ri kelayotganida chuqur ramziy ma’no mujassam. Zero, bizning qadimiy tariximiz, muqaddas dinimiz, madaniy va ma’rifiy ildizlarimiz, azaliy qadriyat va an’analarimiz mushtarak.
Go‘zal Turkiston shahri Buyuk ipak yo‘lining muhim savdo va madaniyat markazi hisoblangan. Mazkur zaminda ulug‘ ajdodimiz Xoja Ahmad Yassaviy hazratlari mangu orom topgan. Bu tabarruk kent biz uchun, avvalo, xalqlarimiz birligi va hamjihatligining yorqin timsolidir.
Hurmatli Prezident Qasim-Jomart Kemelevichning xalqimizning qardosh Qozog‘iston eliga do‘stlik tuhfasi sifatida barpo etilgan muhtasham jome masjidi haqida hozir bildirgan samimiy fikrlari uchun rahmat aytmoqchiman.
Qozog‘iston rahbariyatining Turkistonning me’moriy qiyofasini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan ulkan bunyodkorlik ishlari ushbu ko‘rkam maskanni qardosh xalqlarimizning umumiy ma’naviy markazlaridan biriga aylantirishi shubhasiz.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Bugungi uchrashuvimiz jahonda turli ziddiyatlar tobora avj olayotgan davrga to‘g‘ri kelmoqda. Xalqaro munosabatlarda ishonch taqchilligi yanada kuchayib, global institutlarning o‘rni va ta’siri borgan sari zaiflashmoqda. Bu muammolar bizdan o‘zaro muloqotlarni faollashtirib, muhim masalalar bo‘yicha uyg‘un pozitsiyalarni ishlab chiqishni taqozo etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Turkiy dunyoning integratsiyasi bu xalqlarimiz taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan uzoq muddatli strategik masaladir.
So‘nggi yillarda Turkiy davlatlar tashkiloti barqaror rivojlanish sur’atlarini namoyish etayotgan nufuzli tuzilmaga aylandi. Masalan, 2025-yilda davlatlarimizning umumiy iqtisodiy salohiyati 2,4 trillion dollardan oshdi va uning dinamikasi global o‘sishdan ikki barobar yuqori (6,8 foiz) bo‘ldi.
O‘tgan yilning o‘zida O‘zbekistonning Tashkilot mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 14 foizga o‘sdi (11 milliard dollar). Joriy yildan Turkiy investitsiya jamg‘armasi operatsion faoliyatini boshladi, Markaziy banklar kengashi, Yashil moliyalashtirish bo‘yicha Turkiy kengash ishi yo‘lga qo‘yildi.
Bularning barchasi Tashkilotimizning institutsional jihatdan tobora mustahkamlanib borayotganini yaqqol tasdiqlaydi.
Qadrli do‘stlar!
Oldimizda ko‘p qirrali munosabatlarimizga tizimli tus berish bo‘yicha dolzarb vazifalar turibdi.
Bugungi sammitning sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish mavzusiga bag‘ishlangani bejiz emas. O‘lkalarimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ bobolarimiz – Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek algoritm, matematika, astronomiya va fizika fanlari ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shib, shu tariqa hozirgi sun’iy intellekt rivoji uchun asos yaratganlar.
Biz ajdodlarimizning ana shunday bebaho merosiga tayanib, bugun Turkiy dunyoning yangi raqamli taraqqiyot davrini barpo etyapmiz. Bu yo‘nalishda hamkorlikni rivojlantirish uchun bir qator tashabbuslarni ilgari surmoqchiman.
Birinchidan, Tashkilotimiz doirasida sun’iy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish – bugungi davr talabi.
Mazkur samarali mexanizm orqali biz iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini belgilash, bulutli va kvant hisoblash texnologiyalarini rivojlantirish, ochiq va zamonaviy yagona raqamli makonni yaratish imkoniga ega bo‘lamiz.
O‘zbekiston so‘nggi yillarda xorijiy investorlar bilan data markazlar yaratishga 6 milliard dollar sarmoya jalb etmoqda. Biz mintaqadagi data markazlarini yuqori tezlikdagi aloqa kanallari bilan bog‘laydigan “Raqamli turkiy koridor konsepsiyasi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz. Mazkur sohadagi amaliy aloqalarimizni yanada kuchaytirish maqsadida Toshkent shahrida a’zo davlatlar ishtirokida Texnologiyalar forumini o‘tkazishni reja qilganmiz.
Ikkinchidan, ilm-fan, ta’lim va yoshlar masalalarida hamkorlikni chuqurlashtirish – umumiy maqsadimiz.
Ilmiy-ma’naviy merosni puxta o‘rganish va targ‘ib etish uchun Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqaviy yirik ilmiy-ma’rifiy maskanga aylanib bormoqda. Shu kunlarda majmuada TURKSOYning ofisi ochilganini olqishlaymiz. Ushbu markaz TURKSOY va Turkiy akademiya bilan tarixiy-madaniy manbalarimizni yagona “katta ma’lumotlar” platformasiga jamlasa, xalqlarimiz uchun foydali ish bo‘lar edi.
Shu bilan birga, Yassaviy tariqatining bag‘rikenglik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini hamkorlikda chuqur o‘rganish hamda keng targ‘ib etishni taklif qilamiz.
Xabaringiz bor, shu yil Xiva shahriga “Turkiy dunyo yoshlari poytaxti” maqomi berildi. Bu qaror, ayniqsa, o‘g‘il-qizlarimizga kuchli motivatsiya bag‘ishladi. Tadbirlar doirasida Yosh liderlar forumi va Xalqaro yoshlar festivalini o‘tkazishga tayyormiz.
Aytish joizki, biz shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon talablariga mos va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadida “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturini amalga oshiryapmiz. Hozirga qadar mazkur loyiha orqali 1 milliondan ortiq o‘g‘il va qizlarimiz boshlang‘ich ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
Yoshlarning istiqbolli startaplari, innovatsion ishlanmalari, sun’iy intellektga asoslangan turli yechimlarini moliyalashtirish uchun biz Qozog‘iston bilan tuzayotgan Qo‘shma venchur jamg‘armasiga Tashkilotning barcha a’zolarini qo‘shilishga chorlaymiz.
Uchinchidan, transport bog‘liqligini yaxshilash uchun raqamli logistika platformalarini yaratish va integratsiya qilish dolzarb ahamiyatga ega.
Shu o‘rinda O‘zbekiston va Tashkilotga a’zo barcha davlatlar o‘rtasida “Ye-Permit” elektron ruxsatnomalar tizimi to‘liq ishga tushirilganini katta mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman. O‘rta koridorning strategik rolidan kelib chiqib, biz uni ayni paytda qurilayotgan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li bilan bog‘lashga katta e’tibor qaratamiz.
Chegaralarda bojxona va tranzit tartib-taomillarini yengillashtirish bo‘yicha imzolangan Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi haqidagi bitimni hayotga tatbiq etish hamda ma’lumotlar almashuvini to‘liq raqamlashtirishimiz zarur. Bu logistika zanjirlari bo‘ylab ma’lumotlar uzatish, yuklarni kuzatish va jarayonlarni uyg‘un holda tashkil etish imkonini beradi.
To‘rtinchidan, ekologik muammolar va iqlim o‘zgarishi davlatlarimizdan muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirishni talab etmoqda.
Bu kabi muammolarga samarali yechim topish uchun sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida Turkiy davlatlar tashkiloti iqlim xatarlarini monitoring qilish tizimini yaratish muhim. Bunda qurg‘oqchilikni barvaqt aniqlash, tuproqning yemirilishi va muzliklarning erishi bilan bog‘liq holatni doimiy kuzatib borish, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish sohasiga sun’iy intellektni joriy etishga e’tibor qaratish lozim.
Toshkentdagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida Turkiy davlatlar yoshlari uchun 2026-2027 o‘quv yillarida 50 ta grant ajratildi. Yoshlarimizni ushbu imkoniyatdan unumli foydalanishga chaqiramiz.
Ekologiya masalalariga e’tiborni yanada kuchaytirish maqsadida Tashkilotimiz doirasida 2027-yilni “Tabiatni asrash yili” deb e’lon qilishni taklif etamiz.
Fursatdan foydalanib, sizlarni joriy yilda Samarqandda o‘tadigan Global ekologik jamg‘arma assambleyasida va Suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumida faol ishtirok etishga chaqiraman.
Yana bir masala. Terrorizm, ekstremizm va yot oqimlarga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishdan manfaatdormiz. Bu jarayonda kiberxavfsizlik sohasidagi aloqalarni kengaytirish va zamonaviy mutaxassislar tayyorlash, tezkor axborot almashish dolzarb ahamiyatga ega.
Yangi tahdidlarni aniqlash va ularning oldini olish uchun turkiy dunyo doirasida yagona xavfsizlik va ishonch makonini yaratishimiz lozim. Bu borada umumiy mexanizm – Kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha Turkiy alyansni tuzish tashabbusini ilgari suraman.
Shuningdek, sun’iy intellektdan foydalanishda etika va axloq me’yorlariga qat’iy rioya qilish, ayniqsa, muhim. Joriy yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Tashkilot tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlar rahbarlarining qo‘shma uchrashuvida bu masalalarga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq.
Qadrli do‘stlar!
Ulug‘ ajdodimiz Ahmad Yassaviy hazratlarining “Devoni hikmat” asarida birdamlik va ahillik borasida ta’kidlagan quyidagi satrlari bugungi kunda yanada teranroq namoyon bo‘lmoqda:
Turkiy elga mehr qildim,
Birlik yo‘lin haq deb bildim.
Biz yangi davrda davlatlarimizning intellektual salohiyati va bunyodkorlik qudratini birlashtira olsak, hech shubhasiz, turkiy dunyo ilg‘or yechimlar, barqaror taraqqiyot makoniga aylanadi.
Asosiy maqsadimiz – farzandlarimizga nafaqat buyuk tariximizni, balki kelajak avlodlarimiz ham faxrlansa arziydigan bebaho merosni qoldirishdir.
Bugun qabul qilinadigan Turkiston deklaratsiyasi tili va dili bir-biriga chambarchas bog‘langan xalqlarimizning ezgu niyatlarini yanada mustahkamlab, “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasida belgilangan yuksak maqsadlarga erishish yo‘lida navbatdagi muhim qadam bo‘ladi deb ishonaman.