O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan majlisidagi nutqi
Muhtaram Serdar Gurbanguliyevich!
Hurmatli hamkasblar!
Uchrashuvimizning barcha ishtirokchilarini yana bir bor qutlashdan mamnunman.
Avvalo, Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga ushbu maskanda bizni doimo samimiy kutib olayotgani uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Majlisimizning faxriy mehmoni – Eron Islom Respublikasi Prezidenti, hurmatli Mas’ud Pezeshkiyon janoblarini qutlayman.
O‘zbekiston Respublikasining 2027-yilda MDHga raislik qilishi to‘g‘risidagi qarorni qo‘llab-quvvatlaganlari uchun ham barcha hamkasblarimga o‘z tashakkurimni izhor etaman.
Hamdo‘stlikda raislik qilish biz uchun, avvalo, umumiy ishimizga o‘z hissamizni qo‘shish, yangi g‘oyalarni taklif etish hamda bugungi kunda mamlakatlarimiz uchun chindan ham muhim bo‘lgan yo‘nalishlarni birgalikda rivojlantirish imkoniyati demakdir.
Kelgusi yili aniq va sezilarli natija beradigan masalalarni e’tibor markaziga qo‘yish niyatidamiz. Bular – iqtisodiyot, yangi texnologiyalar, transport, xavfsizlik, ta’lim, ilm-fan va inson salohiyatini rivojlantirishdir.
Biz O‘zbekistonning raisligi uchun belgilangan “MDH – ishonch va umumiy taraqqiyot makoni” degan shiorda aynan ushbu yondashuvni mujassam etdik. Bugungi kunda Raislik konsepsiyasi va Tadbirlar rejasi ustidagi ishlarni yakunlamoqdamiz. Ularda hozirning o‘zida yuzdan ortiq aniq chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.
Mazkur dastur oddiy tashabbuslar ro‘yxati bo‘lib qolmasligi biz uchun muhimdir. Har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq qadamlar, muddatlar va biz birgalikda erishadigan natija bo‘lishi kerak.
Raisligimiz davrida aynan mana shunday amaliy ishlarga e’tibor qaratishni xohlaymiz.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
Hamdo‘stlik doirasidagi siyosiy muloqotga alohida e’tibor qaratishimiz zarur.
Bugun dunyoda vaziyat tobora murakkablashib borayotgan bir paytda har qanday masalani xotirjam muhokama qilish, bir-birimizni tinglash hamda barchamizga maqbul bo‘lgan yechimlarni izlash imkoniyatini saqlab qolish o‘ta muhimdir.
Yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va anglashuv mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning asosi bo‘lib qoladi va bu poydevorni mustahkamlash lozim.
Iqtisodiyotda asosiy e’tiborni sanoat kooperatsiyasiga qaratishni taklif etamiz. Mamlakatlarimiz salmoqli ishlab chiqarish imkoniyatlari, resurslar, texnologiyalar va bozorlarga ega. Agar ana shu salohiyatimizni birlashtirsak, qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini yaratsak va barqaror yetkazib berish zanjirlarini yo‘lga qo‘ysak, barcha ishtirokchilar uchun natija yanada sezilarli bo‘ladi.
Shuning uchun biz sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va o‘zaro investitsiyalar uchun sharoitlarni yaxshilashga alohida e’tibor qaratamiz. Shu bilan birga, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-sotiqqa hamon xalaqit berib kelayotgan to‘siqlarni bartaraf etish muhim ahamiyatga ega.
Hamkorlikning alohida yo‘nalishi raqamli texnologiyalar bilan bog‘liq. Biz ulardan biznesda foydalanishni kengaytirish, elektron tijoratni rivojlantirishni muhim deb hisoblaymiz.
Ushbu jarayonda faqat hozirning o‘zida ham yaxshi rivojlangan sohalar bilan cheklanib qolmaslik kerak. Oldinga qadam tashlash va yaqin yillarda mamlakatlarimiz iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirish bilan bog‘liq bo‘ladigan sohalarda birgalikda ishlash zarur.
Bu o‘rinda so‘z muhim minerallar, sun’iy intellekt, robotlashtirish, yangi materiallar va zamonaviy energetika texnologiyalari sohalari haqida bormoqda. Aynan shu sohalar bugungi kunda o‘z kompetensiyalarimiz hamda qo‘shma loyihalarni yaratgan holda, ortda qolib ketmasligimiz muhim bo‘lgan yo‘nalishlardir.
Raisligimizning yana bir muhim yo‘nalishi transport bilan bog‘liq.
Markaziy Osiyo bugungi kunda Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi muhim transport tuguniga aylanib bormoqda. Biz ushbu imkoniyatlardan to‘liq foydalanishimiz kerak. Buning uchun tranzit tartib-taomillarini soddalashtirish hamda qulay, xavfsiz va iqtisodiy jihatdan manfaatli bo‘lgan yo‘nalishlarni yaratish muhimdir.
Biz Markaziy Osiyo transport tarmog‘i MDH makonida va uning tashqarisidagi umumiy aloqalar tizimining muhim qismiga aylanishidan manfaatdormiz.
Hurmatli hamkasblar!
Xavfsiz va barqaror muhitsiz na iqtisodiyot, na savdo, na yirik qo‘shma loyihalar bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun raisligimiz davrida ayni yo‘nalish ham eng muhim sohalardan biri bo‘lib qoladi.
Biz MDHning sohaviy organlari ishini va mamlakatlarimizning umumiy tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu o‘rinda so‘z terrorizm, ekstremizm va kiberjinoyatchilik haqida bormoqda.
Bu tahdidlarning barchasi allaqachon alohida davlatlar chegarasidan chiqib ketgan.
Ayniqsa, bugungi kunda kiberjinoyatchilik tez kuchaymoqda. U oddiy fuqarolar, biznes vakillari, banklar, davlat tizimlariga daxl qilmoqda va shu bois, doimiy e’tiborni hamda mamlakatlarimiz o‘rtasida yaqin hamkorlikni talab etadi.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
Hamdo‘stlikning kelajagi haqida gapirar ekanmiz, mamlakatlarimizni insonlar bog‘lab turishini ham yodda tutishimiz muhim. Bu insonlar o‘rtasida bir necha o‘n yillar davomida shakllangan rishtalardir. Aynan mana shu aloqalar ko‘p jihatdan munosabatlarimizning barqarorligini belgilaydi.
Shuning uchun talabalar, yosh mutaxassislar, olimlar, tadqiqotchilar va ijodiy kasb egalarining o‘zaro muloqot qilishi, bir-biridan o‘rganishi hamda birgalikda ishlashi uchun ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘lishi muhim.
Bu, ayniqsa, yoshlarga taalluqli. Zero, Hamdo‘stlik kelgusida qanday bo‘lishini aynan yosh avlod belgilaydi.
Mamlakatlarimiz ulkan insoniy va intellektual salohiyatga ega. Ushbu salohiyat zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, innovatsiyalar va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladigan sharoitlarni yaratishi zarur.
Butun faoliyatimiz markazida inson, uning qadr-qimmati, manfaat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish turishi kerak. Faqat ana shundagina MDH ta’lim olish, mehnat qilish, yangi loyihalar yaratish, sheriklar topish va o‘z kelajagini qurish mumkin bo‘lgan makon sifatida qabul qilinadi.
Hurmatli hamkasblar!
Biz raisligimizdan o‘z samaradorligini isbotlagan barcha yutuqlarni saqlab qolish va shu bilan birga, bugungi kunda yangi yechimlar topish zarur bo‘layotgan yo‘nalishlar rivojiga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlash uchun foydalanish niyatidamiz.
Pirovardida faqat qabul qilingan hujjatlar va kelishuvlar emas, balki kelgusida ham naf keltiradigan aniq natijalarga erishish muhimdir.
Bu ishda Hamdo‘stlikning barcha davlatlari qo‘llab-quvvatlashiga umid qilamiz.
So‘zimning yakunida hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga mehmondo‘stlik hamda uchrashuvimizni ajoyib tarzda tashkil etgani uchun yana bir bor minnatdorlik bildiraman.