O‘zbekiston qurilishida asosiy drayver aniq bo‘ldi
Har qanday mamlakatning iqtisodiy salohiyatini belgilaydigan asosiy tarmoqlardan biri — bu qurilish sohasi. Yangi shaharlar, zamonaviy uy-joylar, sanoat majmualari va infratuzilma ob’ektlari aynan ushbu soha orqali vujudga keladi. Shu ma’noda qurilish faoliyatining hajmi va tarkibi mamlakatdagi iqtisodiy jarayonlarning yo‘nalishini ham yaqqol aks ettiradi.
O‘zbekistonda ham qurilish sohasi izchil rivojlanib, iqtisodiyotning eng dinamik tarmoqlaridan biriga aylanmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari bu boradagi tendensiyalarni yanada aniqroq ko‘rsatib bermoqda.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–mart oylarida mamlakatimizda bajarilgan qurilish ishlari hajmi iqtisodiy faoliyat turlari kesimida tahlil qilinganda eng katta ulush bino va inshootlar qurilishi yo‘nalishiga to‘g‘ri kelgan.
Jumladan, mazkur yo‘nalish umumiy qurilish ishlarining 73,5 foizini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich qurilish sohasida asosiy investitsiyalar aynan turar joy va turli infratuzilma ob’ektlariga yo‘naltirilayotganini anglatadi.
2026-yilning birinchi choragida iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha qurilish ishlari quyidagicha taqsimlangan:
-Bino va inshootlar qurilishi 47 trillion so‘m,
-Fuqarolik ob’ektlari qurilishi esa 11,5 trillion so‘m,
-Ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari 5,5 trillion so‘m.
Ushbu raqamlar qurilish sohasida asosiy yuklama bino va inshootlar qurilishiga tushayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Qayd etilishicha, bino va inshootlar qurilishining yuqori ulushi bir qator iqtisodiy va ijtimoiy omillar bilan izohlanadi. Birinchidan, aholi sonining o‘sishi uy-joyga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Ikkinchidan, shaharsozlik dasturlari doirasida yangi turar joy massivlari va zamonaviy infratuzilma ob’ektlari barpo etilmoqda.
Shuningdek, xususiy sektorning qurilish bozoridagi faol ishtiroki ham umumiy hajmning o‘sishiga turtki bermoqda. Sanoat korxonalari, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining ko‘payishi ham ushbu yo‘nalishdagi ulushni mustahkamlamoqda.
Fuqarolik ob’ektlari va ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari ham iqtisodiyotda muhim o‘rin tutadi. Ular infratuzilmani rivojlantirish, muhandislik tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda texnik xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, qurilish sohasida bino va inshootlar qurilishining yetakchi o‘rinni egallashi mamlakatda investitsiya faolligi barqaror ekanini va shaharsozlik jarayonlari jadal sur’atda davom etayotganini ko‘rsatadi. Bu esa, o‘z navbatida aholi turmush sharoitini yaxshilash, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash hamda hududlarni kompleks rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA