O‘zbekiston – Qirg‘iziston: oliy ta’lim sohasida hamkorlik
Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan O‘zbekiston – Qirg‘iziston rektorlarining II forumi tashkil etildi.
“Zamonaviy bosqichda O‘zbekiston va Qirg‘izistonda oliy ta’lim va fanni rivojlantirish xususiyatlari” mavzusidagi anjumanda Qirg‘iziston Respublikasi Ta’lim va fan vaziri Dogdurkul Kendirbayeva boshchiligidagi qo‘shni davlatning 30 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari rektorlari va mamlakatimizdagi 30 dan ortiq oliy o‘quv yurti rahbarlari, vazirlik, idoralar mas’ullari qatnashmoqda.
Forum avvalida O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Qirg‘iziston ta’lim va fan vaziri Kendirbayeva Dogdurkul so‘zga chiqib, ikki davlat rahbarlarining faol tashqi siyosati tufayli O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari har tomonlama rivojlanib borayotgani, bu ta’lim sohasida ham o‘z aksini topayotganini ta’kidladi.
[gallery-18294]
– Bugun ikki davlat oliy o‘quv yurtlari faol hamkorlikka kirishdi, – dedi Qo‘ng‘irotboy Sharipov. – Endi professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, o‘zaro o‘quv jarayonlarini tashkil qilish, ta’lim sifatini oshirish, stajirovka o‘tash, malaka oshirish va ilmiy faoliyatdagi hamkorlikni rivojlantirishga e’tibor qaratish zarur. Bugungi kabi konferensiya, seminar va forumlarning o‘tkazilishi o‘zaro tajriba almashish, universitetlarimiz o‘rtasidagi do‘stona va kasbiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Hamkorlikning keyingi muhim yo‘nalishlari qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar bo‘lishi mumkin. Bularning barchasi mamlakatlarimizga jamiyat oldida turgan murakkab vazifalarni birgalikda hal etish va barqaror rivojlanishni ta’minlash imkonini beradi.
Qirg‘iziston ta’lim va fan vaziri Dogdurkul Kendirbayeva birgalikdagi sa’y-harakatlar oliy ta’lim va ilm-fan sohasida yangi yutuq va muvaffaqiyatlarga olib kelishiga ishonch bildirdi.
– Biz umumiy farovonlik yo‘lida hamkorlikni saqlab, mustahkamlashda davom etishimiz kerak, – dedi u.
Bugungi kunda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari Qirg‘iziston universitetlari bilan 120 ga yaqin shartnoma va memorandum imzolagan. O‘zbekiston Milliy universiteti, Farg‘ona va Andijon davlat universitetlari, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Namangan qurilish instituti, Qirg‘iziston tomonidan O‘sh davlat universiteti, Qirg‘iz-O‘zbek universiteti, Talas davlat universiteti, Qirg‘iziston davlat texnika universiteti va Botkent davlat universitetlari o‘rtasida faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
O‘qituvchilar almashinuvi dasturi doirasida Qirg‘iziston oliy o‘quv yurtlaridan 100 yaqin mutaxassis O‘zbekiston milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Andijon mashinasozlik instituti, Urganch davlat universiteti, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Navoiy kon-texnologiya universitetida faoliyat yuritmoqda.
Bugungi kunda xorijlik abituriyentlarni, shu jumladan qo‘shni Qirg‘iziston fuqarolarini o‘qishga qabul qilish va o‘qitish uchun qulay sharoit yaratish maqsadida respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilish ularning kasbiy qiziqishlari va shaxsiy motivatsiyasini aniqlash maqsadida faqat suhbat orqali amalga oshirilmoqda.
Konferensiyada ikki mamlakatning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari so‘zga chiqib, bugun eng asosiy maqsad yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimining barqaror rivojlanishiga erishish ekani, buning uchun esa eng avvalo, mehnat bozorida eng ko‘p talab qilinadigan yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlashda aloqalarni yanada kengaytirish lozimligini qayd etdi. Bunda, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida oliy ta’lim sifatini oshirish, o‘quv dasturlarini muntazam takomillashtirish va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etib borish muhimligi ta’kidlandi. Akademik mobillik, qo‘shma ilmiy va innovatsion tadqiqotlar hamda loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirishni kengaytirish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Forumda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari hamkorligida turizm, geologiya, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, raqamlashtirish va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Konferensiya o‘z ishini sho‘’ba yig‘ilishlarida davom ettirdi. Muzokaralarda “Ta’limni boshqarish sifatini oshirish”, “Tibbiy ta’lim sohadagi yangi texnologiyalar”, “Raqamlashtirish va sun’iy intellekt: oliy ta’limni ishlab chiqarish transformatsiyasi” mavzularidagi dolzarb masalalar va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.
Forum doirasida rektorlar tomonidan professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, o‘quv jarayonlarini birgalikda tashkil qilish, malaka oshirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan anglashuv memorandumi, bitim va yo‘l xaritalari imzolanishi, O‘zbekiston va Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari rektorlarining II forumi rezolyutsiyasi qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA muxbirlari