O‘zbekiston – Qatar: Media sohasida hamkorlik rivojlanmoqda
Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
Mamlakatimiz elchisi Ashraf Xodjayev Qatar va Yaqin Sharqdagi yetakchi ommaviy axborot vositalaridan biri bo‘lmish “The Peninsula” nashri bosh muharriri doktor Xolid Muborak Ash-Shafiy bilan uchrashdi.
Suhbat davomida jamoatchilikni O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati, sarmoyaviy imkoniyati, boy madaniy va tarixiy merosi haqidagi ma’lumotlardan xabardor qilishda ommaviy axborot vositalari muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Tomonlar media sohasidagi hamkorlikka oid ijodkorlarning o‘zaro tashrifi, tajriba almashishi kabi masalalarni muhokama qildilar.
Ingliz tilida chiqadigan, 1996 yil tashkil etilgan “The Peninsula” asosiy e’tiborni butun dunyo yangiliklaridan o‘quvchilarini tezkor ravishda xabardor qilishga qaratadi. Yiliga 10 milliondan ziyod foydalanuvchi kiradigan nashr sayti bir necha yildan buyon yuqori reyting ko‘rsatkichini saqlab qolmoqda.
Muharrama Pirmatova, O‘zA