O‘zbekiston Qahramoni bilan uchrashuv
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashida “O‘zbekiston Qahramoni” yuksak unvoni sohibi Muhammad Ahmedov ishtirokida qishloq xo‘jaligi xodimlari bilan davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Haitov M.Ahmedovni “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgani bilan samimiy tabriklab, tajribali mutaxassisning fermerlik yo‘nalishida o‘ziga xos maktab yaratgani, uning hayot yo‘li boshqalar uchun ibrat bo‘lishi va bu yo‘nalishda davlatimiz tomonidan sohada yaratilgan mavjud imkoniyatlar xususida so‘z yuritdi.
Ma’lumki, kuni kecha Ko‘ksaroy qarorgohida bir guruh yurtdoshlarimizga davlatimiz yuksak mukofotlari – faxriy unvonlar, orden va medallar tantanali ravishda topshirildi. Ushbu marosimda Prezidentimiz qishloq xo‘jaligida ulkan yutuqlarga erishgan ilg‘or fermer, seleksioner olim – M.Ahmedovning mehnatlarini alohida e’tirof etgan edi.
Tadbir davomida M.Ahmedov bunday yuksak e’tibor va e’tirofdan juda xursand ekanini aytib, hamkasblariga o‘zining hayot yo‘li va mehnat tajribasini o‘rtoqlashdi. Puxta bilim, mustahkam sog‘liq va ko‘p yillik tajriba dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan har bir soha xodimi, dehqon uchun zarur hislatlar ekaniga alohida to‘xtaldi.
“O‘zbekiston Qahramoni” tadbir ishtirokchilarining qiziqtirgan savollariga javob berdi.


A.Xudoyqulov, O‘zA