O‘zbekiston Prezidenti Turkiyaga keldi
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida amaliy tashrif bilan Anqara shahriga keldi.
“Etimesgut” aeroportida davlatimiz rahbarini Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz va boshqa rasmiylar kutib oldi.


Shu kunlarda O‘zbekiston yetakchisi Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti tadbirlarida ishtirok etadi.
“Turkiy asr: tilda, fikrda va ishda birlik” shiori ostida o‘tadigan anjuman kun tartibidan ustuvor yo‘nalishlardagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari o‘rin olgan.


Sammit yakunlari bo‘yicha Anqara deklaratsiyasi hamda tashkilot doirasida amaliy sheriklikni yanada kengaytirishga qaratilgan bitimlar to‘plami qabul qilinadi.
