O‘zbekiston Prezidenti Transafg‘on temiryo‘lining muhimligini ta’kidladi
Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor Transafg‘on temir yo‘li qurilishi loyihasida MDH mamlakatlarining ishtirok etishi o‘ta muhim, dedi juma kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, deb yozmoqda RIA Novosti.
Shavkat Mirziyoyev juma kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan MDH mamlakatlari rahbarlari Kengashi majlisida ishtirok etdi, deyiladi xabarda.
"Mamlakatlarimizning transport tizimi uchun jiddiy chaqiriqlarni hisobga olsak, birgalikda yangi logistik yo‘laklarni rivojlantirish o‘ta muhim hisoblanadi. Bu yerda gap Termez – Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor, hamda Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘llarini qurish loyihalari ustida bormoqda", – dedi O‘zbekiston Prezidenti majlisda so‘zga chiqib, deyiladi xabarda.
O‘zbekiston rahbarining ta’kidlashicha, yuqorida aytib o‘tilgan loyihalar MDHni transkontinental transport tashuvlarining muhim bo‘g‘iniga aylantiradi.
2021 yil fevral oyida Toshkentda O‘zbekiston hukumati Afg‘oniston va Pokiston bilan temiryo‘l qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolagandi.
Joriy yilning iyul oyida tomonlar yo‘nalishni aniqlab olish va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash uchun dala ishlarini olib bordi. Loyiha qatnashchilarining hisob-kitobicha, dastlabki xarajatlar taxminan 5 milliard dollarga baholangan. Yangi transport yo‘lagining tranzit salohiyati 20 million tonna yuk bo‘lib, u Yevroittifoq, Rossiya, O‘zbekiston, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston va keyinchalik Janubi-Sharqiy Osiyoni o‘zaro bog‘lashi kerak.
S.Rahimov, O‘zA