O‘zbekiston Prezidenti Toskana viloyati bilan hamkorlik ulkan salohiyatga ega ekanini ta’kidladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-iyul kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Italiyaning Toskana viloyati gubernatori Eujenio Jani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
O‘zbekiston – Italiya strategik sherikligini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Hududlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Barcha darajalarda ikki tomonlama muloqotlar faollashgani va hamkorlikning asosiy ko‘rsatkichlari izchil o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi 25 foizga oshdi. O‘zbekistonda metallurgiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati hamda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida Italiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston va Toskanani ko‘p asrlik tarixiy va madaniy aloqalar bog‘lab turishi ta’kidlandi. Buyuk ipak yo‘li davrida Florensiya bilan O‘zbekistonning qadimiy shaharlari o‘rtasida faol savdo-sotiq qilingan, florensiyalik savdogar va diplomatlar esa Amir Temur saroyida qabul qilingan.

Bugungi kunda Toshkent shahrida Piza universitetining filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda mazkur filial mehnat bozoriga ilk bitiruvchilarni chiqaradi. Prato shahrida mamlakatimizning to‘qimachilik mahsulotlari savdo uyi ishlamoqda. 2024-yilda Florensiyadagi Uffitsi galereyasida yurtimizning avangard san’ati asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Toskana viloyati bilan to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat va zargarlik sanoati, qurilish hamda ta’lim, madaniyat va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish katta salohiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Toskana va Buxoro viloyati o‘rtasida sheriklik aloqalarining rivojlanayotgani hamda hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangani yuksak baholandi.

Uchrashuv yakunida Toskana bilan mamlakatimiz hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash va qabul qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Toskana Italiyaning eng iqtisodiy rivojlangan hududlari qatoriga kiradi va kuchli sanoat salohiyati, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi, jahonga mashhur vinochilik hamda turizm tarmog‘iga ega.
Viloyatning ma’muriy markazi – Florensiya esa jahon madaniyati, ilm-fani va san’ati taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan Uyg‘onish davrining umume’tirof etilgan “beshigi” hisoblanadi.