O‘zbekiston Prezidenti Rossiya delegatsiyasini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish doirasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Barcha yo‘nalishlarda faol muloqotlar olib borilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha muhim loyihalar amalga oshirilib, madaniy-gumanitar almashinuv kengaymoqda.

Mamlakatimizda birinchi integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirishga, shuningdek, tinch atom sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
Raqamli texnologiyalar, yoshlar va axborot siyosati, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolarning tashabbuslarini rivojlantirish borasidagi o‘zaro hamkorlikni faollashtirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
