O‘zbekiston Prezidenti rasmiy tashrif bilan Serbiyaga boradi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichning taklifiga binoan joriy yil 7-8-sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Tashrif dasturiga ko‘ra, Belgrad shahrida oliy darajadagi muzokaralar hamda ikki mamlakat rasmiylari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bo‘lajak muloqotlar kun tartibidan O‘zbekiston – Serbiya ko‘p qirrali sherikligini yanada mustahkamlash masalalari o‘rin olgan.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, transport, mashinasozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, axborot texnologiyalari kabi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Tartibli mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, hududlararo va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari ham muhokama qilinadi.
Sammit yakunida hukumatlararo va idoralararo kelishuvlarning salmoqli to‘plami imzolanishi kutilmoqda.