O‘zbekiston Prezidenti Bokuga amaliy tashrifini yakunladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjon Respublikasiga amaliy tashrifi yakunlandi.
Tashrifning birinchi kunida davlatimiz rahbari Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi. Yetakchilar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

15-oktabr kuni mamlakatimiz yetakchisi Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammitida ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etdi, texnologik ishonch va sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanish bo‘yicha Osiyo tashabbusini ilgari surdi hamda iqlim barqarorligi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi.
Sammit doirasida Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Laos Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Txonglun Sisulit, Kambodja Qirolligi Bosh vaziri Xun Manet va Vetnam Sotsialistik Respublikasi vitse-prezidenti Vo Txi An Suan bilan alohida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, sammit doirasida boshqa delegatsiyalar rahbarlari bilan suhbatlashdi.
Tashrif yakunida Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmonni Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Shahin Mustafayev va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi. Prezidentimiz Toshkentga jo‘nab ketdi.