O‘zbekiston Prezidenti Belarus delegatsiyasini qabul qildi
Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchinni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston – Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik nuqtai nazaridan ko‘rib chiqildi.
Joriy yil may oyida Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tovar ayirboshlash hajmi joriy yil boshidan buyon 32 foizga ortib, barqaror o‘sib bormoqda. Qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek, madaniy-gumanitar va hududlararo aloqalarni faollashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish muhim ekani ta’kidlandi.