O‘zbekiston-Polsha: Tog‘-kon sohasidagi sheriklikning yangi yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi
Mamlakatimiz geologiya va tog‘-kon sanoatida xalqaro sheriklikni kengaytirish, sohaga zamonaviy texnologiyalar hamda investitsiyalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shu maqsadlarga xizmat qiladigan navbatdagi uchrashuv Polsha Respublikasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova hamda Polsha Respublikasining O‘zbekistondagi Muvaqqat ishlar vakili Marian Pshezdzetskiy ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish va uni amaliy mazmun bilan boyitish yuzasidan fikr almashdi.
Muzokaralar davomida geologik qidiruv ishlariga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish hamda ikki mamlakat mutaxassislari o‘rtasidagi amaliy aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, joriy yilning sentabr oyida Polshaning Katovitse shahrida bo‘lib o‘tadigan “Future Mining Forum & Expo” hamda Toshkent shahrida rejalashtirilgan “GEOMIN-2026” xalqaro forumlariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar mazkur tadbirlar yangi sheriklik aloqalarini o‘rnatish, investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash va istiqbolli qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida hamkorlikni izchil davom ettirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishchi aloqalarni mustahkamlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib olindi. Shuningdek, joriy yilda Polsha tog‘-kon kompaniyalari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida vazirlik rahbariyati ishtirokida alohida uchrashuv tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA