O‘zbekiston – Ozarbayjon: Madaniy hamkorlikning yangi davri
O‘zbek va ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, qardoshlik rishtasi mustahkam tarixiy ildizga ega. Madaniyat, til, an’analar yaqinligi davlatlarimiz sherikligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ozarbayjon bilan munosabatni rivojlantirish Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida muhim o‘rin tutadi.
Diplomatik munosabat o‘rnatilgandan buyon 14 marta oliy darajadagi o‘zaro tashrif amalga oshirilgan. Tan olish kerak, 2017 yildan keyin davlat rahbarlari darajasidagi muloqot faollashishi delegatsiyalar almashinuvini kuchaytirdi – 7 yil davomida 70 dan ortiq yuqori darajadagi uchrashuv o‘tkazildi. Shu davrda yetakchilar o‘rtasida 11 marta telefon suhbati bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, xalqaro tashkilotlar doirasida ko‘plab uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning navbatdagi davlat tashrifi natijasida aloqalar butunlay yangi bosqichga, strategik sheriklik ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.
E’tirof etish kerak, o‘zaro munosabat bugun yangi davr voqeligiga mos tarzda, turli sohalarda izchil rivojlanmoqda. Bu jarayon madaniyat yo‘nalishida ham yaqqol namoyon.
2024 yil iyun oyida mamlakatimizda Ozarbayjon madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi. Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev anjuman ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi.
O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan Xalqaro maqom san’ati anjumani, Baxshichilik va “Lazgi” festivali hamda boshqa yirik madaniy tadbirlarda Ozarbayjon ijodkorlari muntazam ishtirok etib kelayotganini qadrlaymiz. Ozarbayjonda milliy mug‘om san’ati bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan an’anaviy festivalga o‘zbek san’atkorlari muntazam taklif etilayotgani alohida diqqatga sazovor.
O‘tgan yil Ozarbayjonda O‘zbekiston madaniyati kunlari, shu yil yanvar oyida esa O‘zbekiston fani va madaniyati kunlari yuksak saviyada tashkil etildi.
Shu yil 11 iyun kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Muhammad Fuzuliy va Alisher Navoiy” umumiy adabiy-ma’naviy qadriyatlarimiz” mavzusida anjuman, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada Ozarbayjon burchagi ochilishi, Xalqaro anjumanlar saroyida ozar shirinliklari ko‘rgazmasi, san’at ustalari va ijodiy jamoalar ishtirokidagi gala-konsert bo‘lib o‘tishi aloqalarning yangi davri boshlanganidan dalolat.
Respublika ozarbayjon madaniyat markazi raisi sifatida ta’kidlamoqchimanki, Prezidentlar tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat mamlakatlar o‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy munosabatni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ozarbayjon rahbarining O‘zbekistonga bu galgi tashrifi ham qardosh xalqlarimizning azaliy do‘stligini yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.
Darvoqe, mazkur tashrif kunlari mamlakatlarimiz madaniy hamkorligining bugungi yuksak darajasidan darak beruvchi yana bir tarixiy voqea bo‘lib o‘tdi. “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 6 avgustdagi farmoni hamda Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining 2024 yil 22 iyuldagi farmoniga asosan, Polad Byulbyulog‘luga “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” hamda Farrux Zokirovga Ozarbayjonning “Xalq artisti” unvonlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ishonchimiz komilki, mazkur tashrif doirasida imzolangan hujjatlar kelgusida mavjud hamkorlikning qator istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha sa’y-harakatni yanada rivojlantirishda yangi davr ochadi.
Mobil Mamedov,
Ozarbayjon Respublikasi
milliy madaniyat markazi rahbari