O‘zbekiston – Ozarbayjon: Ittifoqchilikdan yangi geoiqtisodiy imkoniyatlar sari
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari tarixiy-madaniy yaqinlik doirasidan chiqib, siyosiy, iqtisodiy, investitsion, transport-logistika, energetika va gumanitar sohalarni qamrab olgan strategik ittifoqchilikka aylandi.
2024-yilda strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiyaning qabul qilinishi, 2025-yilda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi hamda 2023-yilda tashkil etilgan Oliy davlatlararo kengash ikki tomonlama munosabatlarning institutsional asosini mustahkamladi.

Bu jarayonni faqat Toshkent va Boku o‘rtasidagi yaqinlashuv sifatida baholash yetarli emas. Ikki davlatning geografik o‘rni, iqtisodiy salohiyati va tashqi savdo manfaatlari ularni Markaziy Osiyo, Kaspiy havzasi va Janubiy Kavkazni bog‘lovchi kengroq geoiqtisodiy jarayonning muhim ishtirokchilariga aylantirmoqda. Shu ma’noda, Toshkent-Boku munosabatlari ikki tomonlama hamkorlikdan mintaqalararo bog‘liqlikni shakllantiruvchi mexanizmga aylanib bormoqda.
Toshkent-Boku munosabatlarining yangi bosqichida siyosiy ishonch aniq iqtisodiy loyihalar bilan to‘ldirilmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 2025-yil yakunlariga ko‘ra uch barobardan ziyod oshib, 795 million dollarga yetdi. 2026-yilning yanvar-may oylarida savdo aylanmasining yana 33 foizga o‘sishi ijobiy dinamika saqlanayotganini ko‘rsatadi.
Biroq munosabatlarning iqtisodiy mazmunini savdo hajmi bilan o‘lchash cheklangan yondashuv bo‘ladi. Toshkent va Boku investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma ishlab chiqarish va texnologik hamkorlikni kengaytirmoqda. Ustav kapitali 500 million dollar bo‘lgan O‘zbekiston–Ozarbayjon qo‘shma investitsiya kompaniyasi yangi loyihalarni moliyalashtirish uchun muhim mexanizmga aylanmoqda.
Avtomobilsozlik, neft-gaz, neft-kimyo, qishloq xo‘jaligi, qurilish va turizm sohalaridagi loyihalar ikki mamlakat iqtisodiyotlarining o‘zaro to‘ldiruvchanligini kuchaytirmoqda. Ozarbayjonda Chevrolet va Isuzu avtomobillari hamda avtobuslarini birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilayotgani sanoat kooperatsiyasining amaliy natijalaridan biridir. Keyingi bosqichda asosiy masala qo‘shma korxonalar sonini oshirishdan ko‘ra, qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirish va ikki mamlakat mahsulotlarini uchinchi bozorlarga chiqarishdan iborat bo‘ladi.
2030-yilgacha tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi ham shu nuqtai nazardan muhim. Bu ko‘rsatkich ikki davlat iqtisodiy munosabatlarining real natijasini baholash mezonlaridan biriga aylanadi.
Hamkorlikning yangi tarmoqlari
Toshkent-Boku yaqinlashuvining eng katta strategik potensiali transport-logistika sohasida namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning markaziy qismida, Ozarbayjon esa Kaspiyning g‘arbiy sohilida joylashgan. Shu geografik holat ikki davlatni Xitoydan Markaziy Osiyo orqali Kavkaz va Yevropa bozorlariga chiquvchi transport tizimining muhim bo‘g‘inlariga aylantiradi.
2025-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tranzit yuklar hajmining 1,4 million tonnaga yetgani bu yo‘nalishning amaliy ahamiyati oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Xitoy-Qozog‘iston-Kaspiy-Ozarbayjon yo‘nalishiga qo‘shimcha ravishda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining rivojlanishi Markaziy Osiyoni Kaspiy transport tizimi bilan yanada yaqin bog‘lash imkonini beradi. Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston yo‘nalishining keyingi bosqichlarda Turkmaniston va Kaspiy orqali Ozarbayjonga ulanishi O‘rta yo‘lak geografiyasini kengaytirishi mumkin.
Bu yerda O‘zbekiston uchun asosiy strategik masala tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, Yevropa bozorlariga muqobil chiqish imkoniyatlarini ko‘paytirish va logistik xarajatlarni kamaytirishdir. Ozarbayjon uchun esa Markaziy Osiyodan keladigan yuk oqimlarini Yevropa transport tarmoqlari bilan bog‘lovchi tranzit markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlash muhim.
Shu sababli O‘rta yo‘lakni oddiy transport marshruti sifatida baholash yetarli emas. U Markaziy Osiyoning tashqi iqtisodiy aloqalarini diversifikatsiya qilish, eksport xavfsizligini oshirish va Kaspiy–Janubiy Kavkaz yo‘nalishining iqtisodiy ahamiyatini kuchaytirish vositasiga aylanmoqda.
Toshkent-Boku yaqinlashuvining yana bir muhim yo‘nalishi energetika sohasidir. Neft-gaz sohasidagi hamkorlik bilan bir qatorda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va elektr energiyasini mintaqalararo uzatish masalalari kun tartibiga chiqmoqda.
O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston ishtirokidagi yashil energetika koridori tashabbusi Markaziy Osiyoda ishlab chiqarilgan qayta tiklanuvchi elektr energiyasini Kaspiy orqali Ozarbayjonga, keyinchalik Kavkaz va Yevropa energetika tizimlariga yetkazish istiqbolini yaratadi.
Agar bunday loyihalar texnik va iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlasa, Kaspiy dengizi faqat tovarlar harakati uchun transport hududi emas, turli energetika oqimlarini bog‘lovchi kommunikatsiya makoniga ham aylanishi mumkin. Bu esa Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi geoiqtisodiy bog‘liqlikni yanada chuqurlashtiradi.
Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz muloqotining kengayishi
Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi formatida ishtirok etishi ham muhim siyosiy tendensiyani aks ettiradi. Buni shartli ravishda “C5”dan “C6”ga o‘tish deb talqin qilish mumkin, ammo masalaning mohiyati formal formatdan ko‘ra kengroqdir.
Aslida, bu jarayon Markaziy Osiyoning tashqi mintaqaviy hamkorlik geografiyasi kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Kaspiyning g‘arbiy sohilida joylashgan Ozarbayjon Markaziy Osiyo davlatlari bilan transport, savdo, energetika va investitsiya masalalarini muntazam siyosiy muloqot doirasida muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Bu jarayonda O‘zbekistonning o‘rni alohida. Toshkentning Boku bilan ittifoqchiligi Markaziy Osiyoning umumiy tashqi iqtisodiy manfaatlari bilan uyg‘unlashmoqda. Natijada ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik mintaqalararo kommunikatsiyalarni rivojlantiruvchi kengroq tarmoqning bir qismiga aylanmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Kaspiy havzasi, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi chegaralar tobora ko‘proq geoiqtisodiy mazmun kasb etmoqda. Bu makonni yagona siyosiy birlik sifatida emas, o‘zaro bog‘langan transport, energetika, savdo va investitsiya tarmoqlari shakllanayotgan hudud sifatida ko‘rish to‘g‘riroq.
Toshkent-Boku yaqinlashuvi Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik jarayonlari bilan ham uyg‘unlashmoqda. Umumiy tarix va madaniy meros siyosiy muloqot uchun zamin yaratsa, bugungi kun munosabatlarining asosiy mazmuni iqtisodiy va institutsional kooperatsiya bilan belgilanmoqda.
Amalda kuzatilayotgan tendensiya iqtisodiy manfaatlar, infratuzilma va institutsional hamkorlikning bosqichma-bosqich bir-biriga bog‘lanishidan iborat bo‘lmoqda. Transport, investitsiya, energetika, ta’lim, raqamlashtirish va savdo sohalaridagi loyihalar turkiy davlatlar o‘rtasidagi amaliy aloqalarni kuchaytirmoqda. Toshkent va Boku bu jarayonda Markaziy Osiyo bilan Janubiy Kavkazni yaqinlashtiruvchi muhim bo‘g‘in vazifasini bajarmoqda.
Toshkent-Boku munosabatlarining barqaror asoslaridan biri madaniy yaqinlikdir. Umumiy tarix, til, musiqa, adabiyot va ijtimoiy qadriyatlar ikki xalq o‘rtasidagi tabiiy yaqinlikni kuchaytirib kelgan. Bugun bu yaqinlik madaniyat kunlari, ta’lim dasturlari, kitoblar tarjimasi, media forumlar, ekspertlar almashinuvi va shaharlararo hamkorlik kabi institutsional shakllarga ega bo‘lmoqda.
Ozarbayjonning Fuzuliy shahrida O‘zbekiston tomonidan qurilgan 960 o‘rinli Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab kabi loyihalar gumanitar diplomatiyaning amaliy ko‘rinishidir. Boku markazida O‘zbekiston bog‘i va Toshkentda Ozarbayjon bog‘i tashkil etilishi kabi tashabbuslar ham ikki mamlakat munosabatlarining ramziy va jamoatchilik darajasidagi ahamiyatini oshirmoqda.
Ekspertlar, jurnalistlar, olimlar, professor-o‘qituvchilar va madaniyat vakillarining o‘zaro tashriflari esa munosabatlarning ijtimoiy bazasini kengaytirmoqda. Bunday tarmoqlar hamkorlikning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlovchi omil bo‘lishi mumkin.
Yangi mintaqaviy arxitekturaning tayanch nuqtasi
O‘zbekiston-Ozarbayjon ittifoqchiligi davr sinovlaridan o‘tgan an’anaviy do‘stlik yoki ikki tomonlama siyosiy yaqinlikka asoslanadi. Bugungi kunda ikki tomonlama hamkorlik transport, investitsiya, energetika va gumanitar aloqalarni birlashtiruvchi ko‘p qatlamli tizimga aylanmoqda.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoning iqtisodiy va demografik jihatdan muhim markazlaridan biri bo‘lsa, Ozarbayjon Kaspiy orqali Janubiy Kavkaz va Yevropa bilan bog‘lovchi transport-energetika nuqtasidir. Ularning salohiyatini birlashtirish Markaziy Osiyo-Kaspiy-Janubiy Kavkaz-Yevropa yo‘nalishidagi iqtisodiy aloqalarni sezilarli darajada kuchaytirishi mumkin.
Eng muhimi, Toshkent-Boku yaqinlashuvi ikki davlatning tashqi siyosatidagi alohida yo‘nalish bo‘lib qolmayapti. U Markaziy Osiyoning tashqi iqtisodiy aloqalarini diversifikatsiya qilish, Kaspiy orqali yangi transport va energetika yo‘nalishlarini rivojlantirish hamda Janubiy Kavkaz bilan institutsional aloqalarni chuqurlashtirish jarayonlari bilan uyg‘unlashmoqda.
Shu ma’noda, O‘zbekiston-Ozarbayjon ittifoqchilik munosabatlarini Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida yangi geoiqtisodiy bog‘liqlikni yaratayotgan strategik tayanch sifatida baholash mumkin. Transport, investitsiya, energetika va sanoat loyihalari tizimli asosda amalga oshirilishi istiqbolda ikki davlat munosabatlarining yangi bosqichga olib chiqishi hamda mintaqaviy bog‘liqlikning muhim elementlaridan biriga aylanishi mumkin.
Muxtor Nazirov,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti,
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori