O‘zbekiston o‘yin industriyasi global bozorga yo‘l ochmoqda
IT Park Uzbekistan Kyoln shahrida bo‘lib o‘tgan "Gamescom-2026" ko‘rgazmasida ishtirok etib, xalqaro o‘yin kompaniyalari va soha tashkilotlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Asosiy e’tibor O‘zbekistondagi GameDev startaplarini qo‘llab-quvvatlash, ularni xalqaro bozorlarga olib chiqish va xorijiy akseleratsiya dasturlariga jalb etish masalalariga qaratildi.
Dunyodagi eng yirik o‘yin industriyasi tadbirlaridan biri bo‘lgan “Gamescom-2026”da 60 dan ortiq mamlakatdan 1 200 dan ziyod eksponent va 320 mingdan ortiq tashrifchi ishtirok etdi.
IT Park Uzbekistan tadbirning B2B hududida o‘z stendi bilan qatnashdi.

O‘zbekiston GameDev sohasining salohiyatini Evegoplayon, CAS va Spaghetti Cat kompaniyalari ham namoyish etdi. Ular art-prodakshn, o‘yin marketingi va noshirlik yo‘nalishlarida o‘z xizmat va tajribalarini taqdim etdi.
“Gamescom Spaghetti Cat” jamoasi uchun ham yangi professional aloqalar o‘rnatish va istiqbolli o‘yin loyihalari bilan tanishish imkonini berdi. Ko‘rgazma davomida qator uchrashuvlar o‘tkazilib, kelgusi hamkorlik bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida DMCC Gaming Center, Morocco Game Hub va Voodoo kompaniyalari bilan ham muzokaralar olib borildi. DMCC Gaming Center bilan GameJam tadbirlarini birgalikda tashkil etish va o‘zbek kompaniyalarining Dubaydagi akseleratsiya dasturlarida ishtirok etishi, Morocco Game Hub bilan xalqaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Voodoo bilan esa Toshkentda skauting markazini tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqildi. Bunday markaz O‘zbekistondagi istiqbolli o‘yin loyihalarini aniqlash va ularni xalqaro hamkorlikka olib chiqishga xizmat qiladi.
N.Rahmonova, O‘zA