O‘zbekiston – Niderlandiya: agrosanoat sohasida hamkorlik rivojlanmoqda
Shu kunlarda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nurali Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Niderlandiyada amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida Agrosanoatni rivojlantirish agentligi hamda Niderlandiyaning yetakchi ta’lim va amaliy tayyorgarlik markazlaridan biri AERES Training Centre vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida bog‘dorchilik yo‘nalishida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash, ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliyotga joriy etish hamda mavjud muammolarga innovatsion yechimlar ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot davomida joriy yilning iyul oyida AERES universiteti vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Niderlandiyaning ilg‘or tajribasi asosida agronomlar va soha mutaxassislarini tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishga qaratilgan hamkorlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.
Qayd etilganidek, mazkur hamkorlik bog‘dorchilik sohasida zamonaviy bilim va tajribalarni joriy etish, kadrlar salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
G.Boboyeva, O‘zA