O‘zbekiston moda brendi Germaniyada namoyish etildi
Frankfurt-Maynda bo‘lib o‘tgan “Golden Grace” xalqaro moda namoyishida “Miras by Banu” brendi ostida o‘zbek milliy liboslarining o‘ziga xos uslubi namoyish etildi. Germaniyaning “Fusion Design” dizaynerlar assotsiatsiyasi ko‘magida tashkil etilgan tadbir shaharning yirik xalqaro aeroporti hududida joylashgan “The Square” ko‘rgazma zalida uyushtirildi.
Namoyishda 400 dan ziyod mehmon, jumladan mashhur dizaynerlar, madaniyat va san’at arboblari, blogerlar, suratkashlar va Yevropa moda sanoati vakillari ishtirok etdi. Trendlar Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Ukraina, Gretsiya, O‘zbekiston va Latviyadan borgan 15 nafar iste’dodli dizayner tomonidan taqdim etildi. Mamlakatimiz namoyishda ishtirok etgan yagona Osiyo davlati sifatida uchinchi bor o‘z kolleksiyasini taqdim etdi.

Mehmonlar qo‘l mehnati san’ati va o‘zbek matolarining jimjimador naqshlaridan bahramand bo‘lishdi. Xususan, butun dunyoga noyob matolari bilan mashhur bo‘lgan, Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan qadimiy shaharlarimiz tarixiy merosiga alohida e’tibor qaratildi.
Milliy kiyimlar namoyishi xorijlik tomoshabinlarda o‘zbek madaniyatiga nisbatan zo‘r qiziqish uyg‘otdi. Mahalliy ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgan mazkur tadbir o‘zbek dizayni jahon uzra tobora ommalashib borayotganidan dalolatdir.
Mamlakatimiz dizaynerlari “Golden Grace”dagi muvaffaqiyatli ishtiroki tufayli kelasi yil may oyida o‘tkaziladigan “Modenschau-2025” namoyishiga ham taklif qilindi. Bu o‘zbek modasini xalqaro maydonda targ‘ib qilish uchun yana bir istiqbolli imkoniyat, deyish mumkin.
Aziza Alimova,
O‘zA