O‘zbekiston milliy terma jamoasi bugun Venesuela bilan o‘ynaydi
Bugun, 30-mart kuni Toshkentda o‘tkazilayotgan futbol bo‘yicha “FIFA Series – 2026” musobaqasi doirasida O‘zbekiston – Venesuela, Gabon – Trinidad va Tobago milliy terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston milliy terma jamoasi soat 19:00 da “Bunyodkor” stadionida Venesuela bilan raqobatlashsa, soat 15:00 da “Paxtakor” o‘yingohida Gabon hamda Trinidad va Tobago milliy termalari ro‘baro‘ keladi.
Eslatib o‘tamiz, “FIFA Series – 2026” doirasidagi ilk o‘yinda futbolchilarimiz gabonlik raqiblarini 3:1 hisobida taslim etgan bo‘lsa, Venesuela – Trinidad va Tobago bahsi 4:1 hisobida yakunlangan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA