O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi xalqaro darajada e’tirof etildi
Mamlakatimizda so‘ngi yillarda barcha sohalar kabi sport sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasi yuksak natijalarga erishilmoqda.
Bunda O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi tomonidan sportchilarni dopingda himoya qilish, xalqaro me’yor va qonun-qoidalar bilan tanishtirib borish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan agentlik mutaxassislarining chekka hududlarga chiqqan holda antidoping o‘quv-seminarlari va davra suhbatlari o‘tkazib kelayotgani ham e’tiborli bo‘lmoqda.
Ma’lumki, WADA tomonidan 206 ta davlatdagi Milliy antidoping tashkilotlar faoliyati 4 guruhga bo‘lingan holda baholab boriladi. Bular, 1-guruh yuqori, 2-guruh yaxshi, 3-guruh qoniqarli va 4-guruh qoniqarsiz. O‘zbekiston bu guruhlardan antidoping sohasida yosh mamlakat bo‘lishiga qaramay 1-guruh, ya’ni faoliyati yuzasidan yuqori natijalar qayd etgan mamlakatlar qatoridan joy oldi.
Mazkur guruhda MDH mamlakatlaridan O‘zbekiston, Belorus, Rossiya va Qozog‘iston joy olgan bo‘lsa, Ozarbayjon, Armaniston, Qirg‘iziston 2-guruhdan, Tojikiston, Turkmaniston va Moldova 3-guruhdan joy olgan.
Shu o‘rinda qanday sabablar asosida davlatlar bu guruhlarga bo‘linadi degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Butunjahon antidoping agentligi Kodeksi talablarini o‘z vaqtida bajarish, ya’ni sportchi, shifokor va murabbiylarni antidoping sohasidagi bilimlarini oshirish, doping sinamasi olish va ularni natijalari (ijobiy natijalar kamligi inobatga olinadi) hamda Xalqaro toifadagi doping ofitser va surushtiruv-ofitserlari mavjudligi va eng asosiysi, muvofiqlik darajasi berilishiga qarab bo‘linadi.
Ma’lumot uchun aytish lozim, O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi Butunjahon antidoping Kodeksining muvofiqlik nazoratidan 2023 yil II choragida muvaffaqiyatli o‘tgan agentlik hisoblanadi.
Butunjahon antidoping agentligi tomonidan nomuvofiq deb topilgan mamlakatlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llaniladi. Bu sanksiyalar Kodeks talablarini to‘liq, qisman yoki umuman talabga mos kelmaslik turlariga qarab turlicha bo‘ladi. Misol uchun, mamlakat nomidan xalqaro musobaqalarda ishtirok etmaslik, ishtirok etgan taqdirda mamlakat bayrog‘i ko‘tarilmasligi kabi jazo turlariga bo‘linadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA