O‘zbekiston kubogi kimga nasib qildi?
Buxoroda 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida voleybol bo‘yicha “O‘zbekiston kubogi” musobaqasi o‘tkazildi.
Musobaqada respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan sportchi yoshlar o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi.
Musobaqaning qiz bolalar o‘rtasidagi bahslarida 7 ta jamoa ishtirok etdi. Final bellashuvida Buxoro va Namangan viloyati ro‘baro‘ kelishdi. Yakunda namanganlik voleybolchi qizlarning qo‘li baland keldi. 3-o‘rinni esa Andijon viloyati qizlar jamoasi egalladi.

11 ta jamoa o‘rtasida kechgan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslar ham qizg‘in va murosasiz kurashlarga boy bo‘ldi.
Hal qiluvchi o‘yinda mezbon jamoa vakillari qoraqalpog‘istonlik voleybolchilar ustidan irodali g‘alabaga erishib, O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritishdi.


Musobaqaning tantanali yopilish marosimida viloyat hokimi Botir Zaripov, viloyat IIB boshlig‘i, polkovnik Mirjamol Miralimov va boshqalar so‘zga chiqdi. Mamlakatimizda aholi o‘rtasida sportni ommalashtirish, fuqarolarning sog‘lom turmush tarziga rioya qilishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, bu kabi musobaqalar yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishi oshishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

G‘olib va sovrindor jamoalarga diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Shuningdek, qator nominatsiyalar bo‘yicha ham sovrindorlar e’tirof etildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri