O‘zbekiston kubogi buxorolik polvonlarda
Buxoroda kurash bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi musobaqasi yakunlandi
Turizm va sport vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, murosasiz kechgan bahslarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrining 300 nafarga yaqin sportchilari yakkalik va jamoaviy bahslarda kurashishdi.

Kubok finalida Samarqand va Buxoro viloyati jamoalari uchrashishdi. Murosasiz bellashuvlar yakuniga ko‘ra, buxorolik polvonlar Samarqand viloyati jamoasini katta ustunlik bilan ortda qoldirib, O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritdi.

Musobaqa doirasida shaxsiy birinchilik bo‘yicha o‘tgan bahslarda g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Uch kun davom etgan murosasiz bellashuvlarda eng ko‘p medallarga sazovor bo‘lgan Buxoro viloyati kurashchilari umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni, samarqandliklar ikkinchi, Toshkent hamda Surxondaryo viloyatlari polvonlari esa medallar hisobi bo‘yicha uchinchi o‘rindan joy olishdi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA