O‘zbekiston kritik minerallar bo‘yicha global sanoat hamjamiyatiga kirdi
Bugungi global iqtisodiyotda kritik minerallar strategik resurs sifatida tobora katta ahamiyat kasb etmoqda. Elektr transport vositalari, yarim o‘tkazgichlar, mudofaa sanoati, yashil energetika hamda yuqori texnologiyalar rivoji ushbu metallarga bo‘lgan talabni keskin oshirmoqda. Shu jarayonda O‘zbekiston ham global kritik minerallar sanoatining muhim ishtirokchilaridan biri sifatida xalqaro maydondagi pozitsiyasini mustahkamlab bormoqda.
Xususan, mamlakatimiz dunyoning kritik metallar bozori bo‘yicha eng nufuzli xalqaro sanoat uyushmalaridan biri — Minor Metals Trade Association (MMTA) ning Markaziy Osiyo bo‘yicha yagona to‘laqonli a’zosiga aylandi. 1973-yilda tashkil etilgan MMTA bugungi kunda kritik xomashyo resurslari, yuqori texnologik metallar va strategik global ta’minot zanjirlari bo‘yicha dunyoning eng yirik professional platformalaridan biri hisoblanadi. Uyushma xalqaro savdo standartlari, sanoat etikasi, global netvөrking hamda strategik hamkorlik mexanizmlarini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Ayni paytda MMTA a’zolari qatoridan dunyoning yetakchi metallurgiya, treyding, qayta ishlash va yuqori texnologiyalar kompaniyalari o‘rin olgan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda kritik minerallar sohasida 70 dan ortiq istiqbolli loyihalar O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) tomonidan amalga oshirilmoqda. TMKning MMTA kabi nufuzli xalqaro platformaga qo‘shilishi kombinat oldida global bozorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri integratsiyalashish, strategik investorlar bilan hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or texnologiyalar transferini jadallashtirish kabi yangi imkoniyatlarni ochadi. Shu bilan birga, bu a’zolik zamonaviy ishlab chiqarish yechimlarini joriy etish hamda xalqaro ta’minot zanjiri (supply chain) tizimlarida faol ishtirok etishga xizmat qiladi.
Mutaxassislar fikricha, kritik minerallar bozori nafaqat resurslar, balki qayta ishlash texnologiyalari, ishlab chiqarish kompetensiyasi va barqaror ta’minot zanjirlari asosida shakllanmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston texnologik metallar kombinatining MMTA ga a’zoligi mamlakatimizning xomashyo eksportchisidan yuqori qo‘shilgan qiymatli sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi davlatga aylanish strategiyasini qo‘llab-quvvatlovchi muhim omildir.
Mazkur a’zolik eksport geografiyasini kengaytirish, xalqaro investorlar ishonchini oshirish hamda O‘zbekistonning global kritik minerallar xaritasidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bugungi kunda O‘zbekiston texnologik metallar kombinati “kon-metall-bozor” tamoyili asosida kritik minerallarni qazib olishdan tortib, ularni chuqur qayta ishlash va global bozorlarga yetkazib berishgacha bo‘lgan yagona sanoat ekotizimini shakllantirmoqda.
O‘zA