O‘zbekiston-Koreya: tibbiyotdagi hamkorlik rivojlanmoqda
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga tashrif buyurgan janubiy koreyalik shifokorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Filial direktorining davolash ishlari bo‘yicha muovini F.Haydarov amalga oshirilayotgan tibbiy xizmatlar ko‘lami, davolash-diagnostik standartlar, mutaxassislar malakasini oshirish va ilmiy izlanishlarda erishilayotgan yutuqlar hamda belgilangan rejalar, olib borilayotgan ilmiy, amaliy-uslubiy ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

O‘z navbatida xorijlik mehmonlar ham xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mutaxassislarning o‘zaro tajriba almashishi borasidagi rejalari haqida gapirdi.

Filial bilan Janubiy Koreyaning Chxundju shahrida joylashgan “KOREA NATIONAL UNIVERSITY OF TRANSPORTATION” universiteti o‘rtasida memorandum imzolandi. Mazkur memorandum asosida markaz yetakchi shifokorlari Janubiy Koreya davlatida bo‘lib, shu klinika faoliyati bilan yaqindan tanishib, malaka oshirib qaytishiga sharoit yaratiladi.


– Memorandumda ikki mamlakat shifokorlari ishtirokida tibbiy ko‘riklar va jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish mo‘ljallanmoqda, – deydi direktor muovini F.Haydarov. - Loyiha doirasida har ikkala tomonning tajribalarini o‘rganish, murakkab yo‘nalishlardagi jarrohlik amaliyotlarini birgalikda bajarish, qolaversa, bizning mutaxassislar ham Janubiy Koreyaga borib xorij tajribasini o‘zlashtirib kelishi reja qilingan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri