O‘zbekiston – Koreya: bilim va texnologiyalar uyg‘unligida yangi imkoniyatlar
O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar bugun ko‘p qirrali strategik sheriklikning yangi bosqichiga ko‘tarilmoqda. Iqtisodiyot, yuqori texnologiyalar, transport, tibbiyot, raqamlashtirish va boshqa sohalardagi amaliy hamkorlik bilan bir qatorda, ta’lim va inson kapitali mazkur munosabatlarning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.

Bu yaqinlikning ildizlari ham olis tarixga borib taqaladi. Samarqanddagi Afrosiyob devorlarida saqlanib qolgan qadimiy tasvirlarda Koguryo elchilarining aks ettirilgani xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning tarixiy asoslari borligidan dalolat beradi. Asrlar davomida dunyo qiyofasi o‘zgardi. Ammo inson qadri, oilaga hurmat, keksalarni e’zozlash, mehnatsevarlik, farzandlar ta’limi va kelajagi uchun mas’uliyat bilan yondashish kabi mushtarak qadriyatlar xalqlarimizni bir-biriga yaqinlashtirib kelmoqda.
Bugun ana shu tarixiy yaqinlik ta’lim, texnologiya va innovatsiyalar orqali yangi mazmun kasb etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiq va pragmatik tashqi siyosati natijasida O‘zbekiston – Koreya munosabatlari aniq amaliy loyihalar bilan boyib, strategik sheriklikning qamrovi kengayib bormoqda.
Avvallari ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar asosan savdo va investitsiya aloqalari bilan izohlangan bo‘lsa, bugun hamkorlik yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt, yarim o‘tkazgichlar, yashil energetika, zamonaviy ishlab chiqarish, transport va raqamli yechimlar kabi sohalarni ham qamrab olmoqda.
“Hyundai Rotem” kompaniyasining yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlari, Urganch xalqaro aeroportini Inchxon korporatsiyasi ishtirokida zamonaviy BOT modeli asosida rivojlantirish kabi loyihalar transport va logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Biroq har qanday texnologik yangilanish samarasi, avvalo, uni yaratadigan, boshqaradigan va amaliyotga tatbiq etadigan mutaxassislarga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston – Koreya hamkorligining muhim yo‘nalishlaridan biri kadrlar tayyorlash va ta’lim sohasidagi loyihalardir.
Bugun yurtimiz yoshlari mamlakatimizda qolgan holda xalqaro ta’lim standartlari asosida bilim olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Inha, Buchxon, Ajou universitetlari, Farg‘onadagi Koreya xalqaro universiteti kabi ta’lim muassasalari ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy natijalarini namoyon etmoqda.
Muhandislik, axborot texnologiyalari, biznes, arxitektura va boshqa zamonaviy sohalarda xalqaro tajriba asosida mutaxassislar tayyorlanayotgani mamlakatimiz taraqqiyoti uchun muhim omildir.
Farg‘ona davlat universitetida tashkil etilgan Xalqaro tillarni o‘qitish markazi ham mazkur jarayonning uzviy qismi hisoblanadi. Markazda ingliz, koreys, yapon, nemis, fransuz va rus tillarini o‘rganish uchun yaratilgan sharoitlar yoshlarni xalqaro ta’lim va mehnat bozoriga tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Koreyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar, shuningdek, u yerda malaka oshirayotgan shifokorlar, muhandislar va boshqa mutaxassislarning tajribasi ham kelgusida mamlakatimiz rivojiga xizmat qilishi tabiiy. Zero, inson kapitaliga yo‘naltirilgan sarmoya natijasi bir kunda emas, balki yillar davomida namoyon bo‘ladi.
Bugun ta’lim oldida turgan vazifa faqat diplomli mutaxassis tayyorlash bilan cheklanmaydi. Yoshlarga mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni egallash, o‘z qobiliyatini amalda namoyon etish va mustaqil daromad topish imkonini berish ham muhim.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 18-avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasblarga o‘qitish, mamlakat miqyosida 1 million nafar yoshning yuqori daromadli ish o‘rinlariga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Ushbu vazifalar ijrosida oliy ta’lim muassasalarining mavjud infratuzilmasidan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda universitetlar binolari, auditoriya, laboratoriya va ustaxonalaridan kun davomida unumli foydalanish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Jumladan, kunning birinchi yarmida talabalar uchun an’anaviy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilsa, soat 16:00 dan keyin mazkur bazadan hudud yoshlarini kasb-hunarga o‘qitishda foydalaniladi. Bu bilan oliy ta’lim muassasasi faqat talabalar tahsil oladigan maskan emas, balki mahalladagi yoshlar uchun ham bilim va kasb o‘rganish maydoniga aylanmoqda.
Farg‘ona davlat universitetida ham shu maqsadda “Ta’lim xizmatlari markazi” negizida 20 ta kasb bo‘yicha o‘quv kurslarini qamrab olgan “Kasbga o‘qitish markazi” tashkil etildi.
Markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yishda hududiy mehnat bozori ehtiyojlari, zamonaviy kasblarga bo‘lgan talab va universitetning mavjud moddiy-texnika bazasi inobatga olinmoqda. Qisqa muddatli amaliy kurslar orqali yoshlarga muayyan kasbni egallash va nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash imkoni beriladi.
Farg‘ona vodiysi azaldan hunarmandchilik, tadbirkorlik va mehnatsevarlik an’analari bilan ajralib turadi. Endi bu salohiyatni zamonaviy bilim va texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish yangi iqtisodiy imkoniyatlar uchun zamin yaratadi.
Bir tomonda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va dasturlashni o‘rganayotgan yoshlar bo‘lsa, boshqa tomonda milliy hunarmandchilik sirlarini o‘zlashtirayotgan yigit-qizlar tahsil olishi mumkin. Ularni birlashtiradigan jihat esa kasb egallash va o‘z mehnati orqali mustaqil hayot qurishga intilishidir.
Koreyaning texnologik tajribasi bilan O‘zbekistonning boy ta’lim va hunarmandchilik an’analarini uyg‘unlashtirish shu jihatdan ahamiyatli. Bugun kasb egallayotgan yosh ertaga zamonaviy sanoat korxonasida muhandis yoki texnolog bo‘lib ishlashi, yana biri esa milliy hunarmandchilikni zamonaviy dizayn va raqamli marketing bilan birlashtirib, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishi mumkin.
Demak, ta’lim insonga nafaqat bilim, balki o‘z imkoniyatlarini anglash, kasb tanlash va kelajagini mustaqil qurish uchun zarur ko‘nikmalarni ham beradi.
O‘zbekiston – Koreya hamkorligi mehnat migratsiyasi sohasida ham yangi yo‘nalishlarni yuzaga chiqarmoqda. Xorijda ishlash daromad manbai bo‘lish bilan birga, zamonaviy ishlab chiqarish madaniyati, mehnat intizomi va kasbiy tajriba orttirish imkonini ham beradi.
Farg‘onadagi kasb-hunar markazlari bitiruvchilarining “Hyundai Heavy Industries” kabi yirik kompaniyalarga ishga jalb etilishi, “KIA Auto” trening ustaxonalarining tashkil qilinishi yoshlarni sanoat korxonalari talablariga mos tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, Koreyada mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz uchun huquqiy himoya, mehnat sharoitlari va moliyaviy xizmatlar bilan bog‘liq masalalarda yaratilayotgan imkoniyatlar ham ikki tomonlama hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Mehnat bozorida raqobatbardosh kadr tayyorlashning muhim sharti insonni kasbga oldindan tayyorlash va uning xorijda orttirgan tajribasidan mamlakatimiz iqtisodiyoti manfaatlari yo‘lida samarali foydalanish mexanizmlarini shakllantirishdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 va 2026-yillarda Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashriflari O‘zbekiston – Koreya munosabatlarining yangi bosqichini belgilab bergan muhim voqealardan bo‘ldi.
2021-yilda strategik sheriklikka asoslangan munosabatlar bugun sun’iy intellekt, yarim o‘tkazgichlar, yuqori tezlikdagi transport, aqlli shaharlar, raqamli qishloq xo‘jaligi va boshqa texnologik yo‘nalishlar bilan boyib bormoqda.
Qadimiy Ipak yo‘li bir vaqtlar Sharq va G‘arbni ipak, ziravorlar va turli mollar savdosi orqali bog‘lagan bo‘lsa, bugungi hamkorlik bilim, texnologiya, innovatsiya va inson salohiyati orqali mamlakatlarni yaqinlashtirmoqda.
Bu jarayonda universitetlarning o‘rni alohida. Chunki zamonaviy iqtisodiyotga yangi texnologiyalarni olib kirish mumkin, ammo ularni yaratadigan va samarali qo‘llaydigan mutaxassislarni tayyorlash izchil ta’lim va uzoq muddatli mehnatni talab etadi.
Shu bois, bugun soat 16:00 dan keyin ham chiroqlari o‘chmaydigan auditoriya va laboratoriyalar shunchaki binodagi yorug‘lik emas. Bu yerda yoshlar yangi kasblarni o‘rganib, o‘z qobiliyatini sinab ko‘rmoqda, mustaqil hayot va mehnat faoliyatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlikning muhim jihati ham ana shunda – texnologiya va investitsiyalar bilan bir qatorda, insonning bilimi, salohiyati va o‘z kelajagini yaratish imkoniyatiga yo‘l ochishda.
Yangi Ipak yo‘lining eng muhim manzillari bugun zamonaviy universitetlar, ilmiy laboratoriyalar va bilim maskanlaridir. Uning eng muhim ishtirokchilari esa ana shu maskanlarda bilim va kasb egallab, kelajagini qurayotgan yoshlardir.
Bahodirjon Shermuhammadov,
Farg‘ona davlat universiteti rektori.
O‘zA