O‘zbekiston – keksalarni e’zozlagan yurt
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazida O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston – keksalarni e’zozlagan yurt” mavzuida amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Tadbirda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan, uzoq yillar xalq xo‘jaligining turli sohalarida samarali mehnat qilgan va bugungi kunda ham mahallalarimizda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda o‘zining boy tajribasi, pandu nasihatlari bilan o‘rnak bo‘layotgan bir guruh nuroniylar va markaz ilmiy xodimlari ishtirok etdi.

Jamg‘arma raisi o‘rinbosari Sh.Ubaydullayev, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov va boshqalar yurtimizda keksa avlod vakillariga alohida izzat-ikrom ko‘rsatilayotganini ta’kidladi. O‘z navbatida, nuroniylar ham “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” g‘oyasi mohiyatini xalqimizga, ayniqsa, yoshlarga tushuntirishda faol qatnashayotgani qayd etildi.
– Keksalarga ehtirom, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish asrlar osha yashab kelayotgan boqiy qadriyatlarimizdan sanaladi, – deydi O‘zbekiston Qahramoni, “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi kengashi raisi Hasan Normurodov.

– Prezidentimizning alohida e’tibori natijasida keyingi yillarda bu qadriyat davlat siyosatining bir yo‘nalishiga aylandi.
Davlatimiz rahbarining farmon va qarorlari bilan keksalarning salomatligini tiklash, ularning mehnatiga munosib haq to‘lash, boy hayotiy tajribalaridan samarali foydalanish uchun juda katta imkoniyatlar yaratildi, imtiyozlar berildi. Shuning uchun ham bugun o‘zimizda ham, xorijda ham O‘zbekistonga keksalari ulug‘langan yurt sifatida havas bilan qaralmoqda.

Tadbir doirasida mehmonlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ushbu ilm maskanining tashkil etilishi, maqsad va vazifalari, xalqaro hamkorlik, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Markaz muzey fondidan o‘rin olgan eksponatlar, devoriy suratlar va kitoblar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Mehmonlarga markaz tomonidan nashr etilgan kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.
G‘.HASANOV, O‘zA