O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi Balikesir jurnalistlar jamiyati bilan hamkorlik qiladi
Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi vakillari Turkiyaning Balikesir shahrida Balikesir jurnalistlari jamiyati tashkil etilganining 10 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi raisi, taniqli ijodkor Shuhrat Oripov mamlakatlarimiz o‘rtasida media sohasidagi hamkorlik rivojlanayotganini ta’kidlab, Jamiyat rahbariyati va uning a’zolarini sana bilan tabrikladi.
Marosim doirasida Balikesir jurnalistlari jamiyati raisi Semra Aman Akyurak bilan hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi. Jumladan, Jamiyat va O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Buxoro viloyat bo‘limi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha kelishildi.

Muloqot davomida o‘zaro hamkorlik turli yo‘nalishlarni qamrab olishi mumkinligi e’tirof etildi. Xususan, jurnalistlar malakasini oshirish, raqamli media, sun’iy intellekt va yangi texnologiyalar bo‘yicha o‘quvlarni birgalikda tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Hamkorlik doirasida Buxoro va Balikesir shaharlarida mediaforumlar o‘tkazish, jurnalistlar va media xodimlari uchun seminar-treninglar, master-klasslar va onlayn ta’lim dasturlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik munosabatlari, tarix, madaniyat, adabiyot, turizm, iqtisodiyot va gumanitar aloqalarni ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritishga oid qo‘shma media loyihalar muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, kelgusida jurnalistika etikasi, ishonchli va xolis axborot tarqatish, faktlarni tekshirish, media savodxonlik va dezinformatsiyaga qarshi kurash sohalarida hamkorlik qilinishi mumkin, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi axborot xizmati.
N.Usmonova, O‘zA