O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yil I choragida 8,7 foizga o‘sdi
Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etdi. Xususan, yalpi ichki mahsulot (YAIM) hajmi joriy narxlarda 447,9 trillion so‘mni tashkil etdi.
Tahlillarga ko‘ra, YAIMning real o‘sish sur’ati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,7 foizga yetgan. Bu ko‘rsatkich mamlakatda iqtisodiy faollikning oshgani, sanoat, xizmat ko‘rsatish va qurilish sohalarida ijobiy dinamika saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.
So‘nggi yillarda YAIM hajmi izchil o‘sib borayotgani kuzatilmoqda. Jumladan, 2022-yilning birinchi choragida 186,7 trillion so‘mni tashkil etgan ko‘rsatkich 2023-yilda 228,9 trillion so‘mga, 2024-yilda 276,9 trillion so‘mga, 2025-yilda esa 372,8 trillion so‘mga yetgan. 2026-yilda esa ushbu raqam 447,9 trillion so‘mgacha o‘sdi.
Mutaxassislar fikricha, YAIMning barqaror o‘sishi mamlakatda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar samaradorligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ichki talabning kengayishi, investitsiyalar hajmining ortishi va tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishi ham mazkur o‘sishga muhim hissa qo‘shmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish bilan birga, iqtisodiyot tarmoqlari o‘rtasida muvozanatni ta’minlash va aholi farovonligini oshirish asosiy ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA