O‘zbekiston ilm-fanida xotin-qizlarning o‘rni
BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovatsiyalar» to‘g‘risidagi rezolyutsiyada 11 fevral – Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni, deb e’lon qilingan.
Bu ayollar va qizlarning ilm-fan bilan to‘laqonli foydalanishlariga teng imkoniyatlar yaratish, shuningdek, xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tgan yili e’lon qilingan “Olima ayollar” tashabbuskor ilmiy loyihalar tanlovi ham aynan xotin-qizlarning ilm-fandagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan.
Mazkur tanlov natijalariga ko‘ra, hozirgi kunda jami 8 milliard 467,5 million so‘mlik 16 loyiha moliyalashtirildi.
2020 yil 1 iyundan 1 sentyabrgacha BMTning Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Shvetsiya elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston olima ayollari uchun ilmiy-tadqiqot faoliyat sifatini oshirish va xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalarni nashr etish mahoratini oshirish bo‘yicha treninglar o‘tkazildi.
Treninglarda qatnashish uchun tanlov doirasida 250 dan ortiq arizalar kelib tushdi, ulardan 51 kishi tanlab olindi. Trening va seminarlar ilm-fan sohasidagi yutuqlari uchun uch marotaba Scopus mukofoti sovrindori, iqtisodchi-olim Rauf Salaxo‘jayev tomonidan olib borildi.
Joriy yil 23 yanvar kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida qizlar uchun eng yirik xalqaro texnologik tanlov – Technovation Girls Uzbekistan dasturining yangi mavsumi ochildi.
Hozirda Technovation Girls Uzbekistan dasturi bo‘yicha qizlar ta’lim olmoqda. 3 oy davom etadigan mashg‘ulotlar O‘zbekistonning barcha hududlarida onlayn tarzda o‘tkazilmoqda.
Startap loyihalar tanlovlari hamda xorijiy davlatlarga stajirovkaga yuborilayotgan yosh olimlar orasida ham ayol va qizlarning sonini ko‘paytirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Nazokat Abduqunduzova,
Innovatsion rivojlanish vazirligi
Axborot xizmati rahbari.
O‘zA