O‘zbekiston ilk bor tashkil etilgan OFK Elit hakamlari seminari o‘z yakuniga yetdi
Milliy futbol markazida o‘tkazilgan tadbirda OFKga a’zo davlatlardan tashrif buyurgan 92 nafar hakam va instruktor ishtirok etdi.
Besh kunlik seminar davomida mutaxassislar nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda qatnashib, hakamlikning dolzarb masalalari bo‘yicha bilim hamda tajribalarini boyitdilar. Xususan, turli o‘yin vaziyatlarini tahlil qilish, hakamlarning maydonda to‘g‘ri harakatlanishi, jamoaviy hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish hamda VAR tizimi bilan bog‘liq murakkab holatlarni baholashga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mashg‘ulotlar jarayonida xalqaro tajriba almashinuvi tashkil etilib, zamonaviy futbolda hakamlikka qo‘yilayotgan talablar muhokama qilindi.
Qayd etish joizki, mazkur seminarning O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilishi mamlakatimizda futbol hakamligini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro miqyosda ham yuksak e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.
Besh kunlik tadbir yakunida ishtirokchilar zamonaviy hakamlik standartlari bo‘yicha yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lib, xalqaro maydondagi faoliyatlari uchun zarur tajribani yanada oshirdilar.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA