O‘zbekiston – Hindiston: ta’limdagi hamkorlik kengaymoqda
Buxoroda Hindiston “Neo Institute of Medical Sciences and Technology Limited” kompaniyasining direktori Divya Sunitha Raj Burra boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan bo‘ldi.

Delegatsiya a’zolari Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida bo‘lib, ta’lim imkoniyatlari, talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu yerdagi imkoniyatlar yuqori baholandi. Kelgusida fan, ta’lim, sport, iqtisod kabi sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Mehmonlarni Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov qabul qildi. Uchrashuvda institutning yangi kampusi hududida talabalar uchun davlat-xususiy sherikchilik asosida 2 ta har biri 500 o‘ringa mo‘ljallangan jami 1000 o‘rinli zamonaviy talabalar turar joylarini qurish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, tomonlar ta’lim sohasida yangi loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldi.

Ma’lumot uchun, Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti ayni damda jahonning 150 dan ziyod universitet va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. So‘nggi uch yil mobaynida xorijiy mamlakatlarning ellikka yaqin nufuzli oliy ta’lim muassasalari va kompaniyalari bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandumlar imzolangan. Rossiya, Hindiston, Xitoy, Polsha, Italiya kabi davlatlarning nufuzli universitetlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etilib, talabalar o‘qishga qabul qilinmoqda.

Jumladan, 2022 yil Buxoro davlat tibbiyot instituti va “Neo Institute of Medical Sciences and Technology Limited” kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik shartnomasiga asosan hozirgi kunga qadar institutga mingga yaqin hindistonlik talabalar o‘qishga qabul qilingan.
Zarif Komilov, O‘zA