O‘zbekiston – Hindiston: keng qamrovli strategik sheriklik yangi bosqichga ko‘tariladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi 29-30-avgust kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Ko‘ksaroy qarorgohida 30-avgust kuni Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modini tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif etdi.
Ikki mamlakatning davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston va Hindiston davlat madhiyalari yangradi.
Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida Narendra Modi davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan tabriklab, xalqimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.
O‘zbekiston – Hindiston strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Faol va samarali muloqotlar turli darajalarda davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi. So‘nggi yillarda qo‘shma korxonalar soni yetti barobarga ko‘paydi. Ikki mamlakat o‘rtasida haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar amalga oshirilmoqda.
Ta’lim sohasidagi hamkorlik kengayib bormoqda. O‘zbekistonda Hindistonning to‘rtta universiteti faoliyat yuritmoqda.
Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Mazkur tashrif tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Bu O‘zbekiston – Hindiston munosabatlarida yangi bosqichni boshlab berishi va barcha ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratishi qayd etildi.
Tomonlar siyosiy muloqot va almashinuvlarni barcha darajalarda, shu jumladan, parlamentlardagi do‘stlik guruhlari, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasida faollashtirishga kelishib oldilar.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirishni ta’minlash maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida muvofiqlashtiruvchi mexanizmni ta’sis etish ko‘zda tutildi.
Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar o‘zaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etib, 2030-yilga qadar tovar ayirboshlashni 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar.
Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Hindistonning yetakchi kompaniyalari bilan energetika, elektrotexnika, metallurgiya, muhim minerallar, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va zargarlik sanoatida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuqori baholandi.
Hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Andijon viloyati va Gujarat shtati, Farg‘ona viloyati hamda Haryana shtati, Samarqand viloyati va Agra o‘rtasida yaqin sheriklik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Bundan tashqari, tomonlar madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Madaniyat kunlari, konsertlar, ko‘rgazmalar, forumlar va kinofestivallarni muntazam o‘tkazib borish borasida kelishuvga erishildi. Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dasturni imzolash ko‘zda tutilgan.
Muzokaralar davomida xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Yetakchilar xalqaro tuzilmalar doirasidagi samarali hamkorlikni mamnuniyat bilan qayd etdilar. Tomonlar BMT, SHHT, BRIKS va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida ilgari surilayotgan tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini izchil davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida vazirlik va idoralar rahbarlariga qo‘shma loyiha va dasturlarning faol ilgari surilishini ta’minlash topshirildi.
Har bir ustuvor yo‘nalish bo‘yicha aniq mexanizmlar, mas’ul ijrochilar va amalga oshirish muddatlarini o‘z ichiga olgan tegishli “yo‘l xaritalari” ishlab chiqiladi.
Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modiga O‘zbekiston Respublikasining “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, Hindistonning so‘nggi yillardagi jadal taraqqiyoti hamda xalqaro maydonda tobora ortib borayotgan nufuzi bevosita mamlakat yetakchisining samarali faoliyati bilan bog‘liq. Muvaffaqiyatli dastur va strategiyalar tufayli zamonaviy Hindiston barcha sohalarda olamshumul yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.
Davlatimiz rahbari nufuzli mukofotni topshirar ekan, bu qaror Hindiston Bosh vazirining ikki xalq o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga qo‘shayotgan beqiyos hissasi uchun O‘zbekiston xalqi va davlatining yuksak ehtiromi ifodasi ekanini aytib o‘tdi.
Ushbu tarixiy tashrif va o‘tkazilgan sermahsul muzokaralar natijasida do‘st mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga erishildi.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar yangi sifat bosqichiga olib chiqilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Mazkur mukofot ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishiga ishonch bildirildi.
– Umumiy intilish va harakatlarimiz bilan ko‘p qirrali va uzoq muddatli aloqalarimiz kelgusida ham jadal rivojlanib borishiga aminman, – dedi Prezidentimiz.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ishtirokida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ular savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda chuqurlashtirishga qaratilgan.
Jumladan:
– Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot;
– O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Hindiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan madaniy almashinuvlar dasturi;
– Ayurveda va an’anaviy tibbiyotning boshqa yo‘nalishlarida hamkorlik to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv memorandumi;
– Oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Fayoztepa va Qoratepa hududlarida arxeologik tadqiqotlar o‘tkazish to‘g‘risida bayonnoma;
– Iqtisodiy va moliyaviy muloqot to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi;
– 2026-2028-yillarda turizm sohasidagi hamkorlik dasturi;
– Geologiya va mineral resurslar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi;
– Arxiv ishi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi;
– Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Sushma Svaraj nomidagi Tashqi aloqalar instituti o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi;
– Samarqand viloyati va Gujarat shtati o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari yuzasidan fikr bildirdilar.
Davlatimiz rahbari Hindiston Bosh vazirining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi katta ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston yetakchisi ushbu sermahsul muzokaralar davlatlarimiz o‘rtasidagi samimiy do‘stlik, yuksak hurmat va o‘zaro ishonchning yana bir yorqin ifodasi bo‘lganini qayd etdi.
Hindiston jahon miqyosida katta obro‘-e’tibor va nufuzga ega bo‘lgan ishonchli va salohiyatli strategik sherik ekani e’tirof etildi. Hindistonning raqamli texnologiyalar, dasturiy ta’minot va startaplar sohasidagi ulkan yutuqlari yuqori baholandi.
Shu sabab tashrifga jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi, salmoqli hujjatlar to‘plami, jumladan, Qo‘shma bayonot qabul qilinib, qator hukumatlararo bitimlar imzolandi.
Ikki tomonlama munosabatlar keng qamrovli strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Asosiy e’tibor iqtisodiy masalalarga qaratildi. O‘tgan yili o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 33 foizga o‘sib, 1,3 milliard dollarni tashkil qildi. Ushbu raqamni 2030-yilga qadar 5 milliard dollarga yetkazish rejasi belgilandi.
Tashrif doirasida muhim qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli ishlab chiqildi. Bir qator yirik hind kompaniyalari bilan aniq kelishuvlarga erishildi.
Muloqotlar davomida energetika, nodir minerallar, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, elektronika, mashinasozlik, zargarlik va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kuchaytirish uchun yangi “o‘sish nuqtalari” belgilab olingani ma’lum qilindi.
Xalqaro va mintaqaviy maydonlarda, jumladan, BMT, SHHT, Qo‘shilmaslik harakati, BRIKS va Global janub mamlakatlari bilan hamkorlik doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Madaniy-gumanitar aloqalar haqida so‘z yuritilar ekan, yurtimizda Hindistonning 4 ta oliygohi faoliyat ko‘rsatayotgani hamda Lal Bahodur Shastri va Mahatma Gandi nomidagi markazlar samarali ishlayotgani e’tirof etildi. Shuningdek, 30 kunlik vizasiz tartib va haftasiga 14-marta amalga oshirilayotgan havo qatnovlari turizmni rivojlantirishga katta hissa qo‘shishi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida erishilgan kelishuvlar ijrosini to‘liq ta’minlash maqsadida keng qamrovli “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishini bildirib, hindistonlik hamkasbi va barcha ishtirokchilarga minnatdorlik izhor etdi.
O‘zbekiston – Hindiston oliy darajadagi muzokaralari yakunlangach, birgalikda daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Narendra Modi Ko‘ksaroy qarorgohidagi Faxriy mehmonlar xiyobonida daraxt ekdilar.
Marosim mamlakatlarimizning ko‘p qirrali munosabatlarida yangi bosqich boshlangani hamda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga qat’iy intilishning ramzi bo‘ldi.
Shu kuni Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi O‘zbekiston yoga federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan maxsus tadbirda qatnashdi.
Hindiston hukumati rahbari tashrifi munosabati bilan majmua mediaekranida O‘zbekiston sport jamoatchiligi nomidan rasmiy tabrik namoyish etildi.
Tashrif davomida Bosh vazir va unga hamrohlik qilgan rasmiylar yoga bilan shug‘ullanuvchi o‘zbekistonlik ustalar chiqishini kuzatdi. Dastur O‘zbekiston yoshlari o‘rtasida ushbu qadimiy san’at tobora ommalashayotgani va rivojlanish darajasi yuqori ekanini yaqqol namoyon etdi.
Mehmonga Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik, shuningdek, 2026-yil iyun oyida Ahmadobod shahrida bo‘lib o‘tgan I Jahon yogasana chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining muvaffaqiyatli ishtiroki haqida videomateriallar namoyish etildi.
Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi taniqli hind davlat arbobi Lal Bahodur Shastri yodgorligi poyiga gul qo‘ydi.
Ma’lumki, yurtimizning ko‘p asrlik boy tarixi va diplomatik aloqalari negizida Hindiston bilan munosabatlar alohida ahamiyatga ega.
Bugungi yangi davrda siyosiy muloqot, madaniy-gumanitar almashinuv hamda ko‘p qirrali iqtisodiy aloqalar bilan yanada boyimoqda.
Mustahkam do‘stlik va tarixiy xotiraning yorqin timsollaridan biri esa Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Lal Bahodur Shastri ko‘chasi va uning memorial majmuasidir.
Ushbu memorial majmua va Lal Bahodur Shastri ko‘chasi O‘zbekistonga tashrif buyuradigan Hindistonning yuqori martabali delegatsiyalari, diplomatlar va mehmonlar hurmat bajo keltiradigan, ikki xalq o‘rtasidagi samimiy do‘stlik va tinchliksevarlik ramziga aylangan bebaho ziyoratgohdir.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Lal Bahodur Shastri xotirasi hamda uning O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun hurmat bajo keltirdi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti qoshida Mahatma Gandi nomidagi hindshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi faoliyat yuritadi.
Davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi ushbu makazda bo‘ldi.
Tashrif davomida markazning Hindiston tarixi, falsafasi, tili va ijtimoiy-siyosiy tafakkurini o‘rganish borasidagi faoliyati tanishtirildi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozim, bu yerda faoliyat yuritayotgan “Hindi Speaking Club” talabalarning hind tilida erkin muloqot qilishi, munozaralar olib borishi va amaliy ko‘nikmalarini boyitishida muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
E’tiborlisi, markazda muntazam ravishda xalqaro konferensiya, seminar va xorijiy olimlarning ma’ruzalari tashkil etilib, ikki davlat oliy ta’lim hamda ilmiy muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilgani qayd etildi.
Hindiston delegatsiyasi O‘zbekistonda hind tili va madaniyatini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish yuqori ekanini e’tirof etdi. Bu kabi dargohlar ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy va ma’naviy ko‘prikni yanada mustahkamlash hamda akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyatga egaligi aytildi.
Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi Faxriy mehmonlar kitobiga samimiy tilaklarini yozib qoldirdi. Muloqot yakunida esa professor-o‘qituvchilar, hindshunos olim va tadqiqotchilar hamda talabalar bilan suratga tushdi.
Shu bilan Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlandi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA muxbirlari