O‘zbekiston – Germaniya: siyosiy ishonchdan texnologik sheriklikkacha
O‘zbekistonning Yevropa bilan munosabatida Germaniya alohida o‘rin tutadi. Buni faqat Berlinning ko‘hna qit’adagi siyosiy vazni yoki iqtisodiyoti ko‘lami bilan izohlash yetarli emas. Asosiy jihat shundaki, GFR O‘zbekiston uchun bir vaqtning o‘zida texnologiya, sanoat uskunalari, moliyaviy institutlar, kasbiy ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘yicha tayanch sherik bo‘lib qolmoqda.
Shu bois O‘zbekiston – Germaniya munosabatini oddiy tashqi savdo aloqasi sifatida emas, balki sanoatni yangilash, moliyaviy infratuzilmani kuchaytirish, inson kapitali sifatini oshirishga qaratilgan uzoq muddatli sheriklik deya baholash mumkin.
2025-yil yakuni ko‘rsatdiki, bu sheriklik siyosiy muloqot yoki ramziy tashrif bosqichida to‘xtab qolmagan. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil GFR tashqi savdo hamkorlarimiz orasida 1 427.7 million dollarlik aylanma bilan yetakchilar qatorida turdi. 2024-yil ushbu ko‘rsatkich 1 253.4 million dollar edi. Rasmiy statistika idorasi – “Destatis” ham o‘zaro tashqi savdoda yaqqol o‘sish kuzatilganini ta’kidlagan.
O‘zbekiston – Germaniya munosabati ijobiy tomonga keskin o‘zgarishi 2024-yil Ostonada bo‘lib o‘tgan ikkinchi “Markaziy Osiyo – Germaniya” sammiti natijasiga bevosita bog‘liq. Ushbu anjumanda sarmoya va texnologiya, muhim xom ashyo, yashil energiya, transport va logistika, iqlim, ta’lim va madaniyat ustuvor yo‘nalishlar sifatida muhokama qilingan. Prezident Shavkat Mirziyoyev GFR bilan amaliy sheriklikni kuchaytirish, yetakchi nemis kompaniya va banklarini qo‘shma loyihalarga jalb qilish, “Markaziy Osiyo – Germaniya” investor va tadbirkorlar kengashini tuzish, hamda sarmoyani rag‘batlantirish va himoya qilish bo‘yicha ko‘p tomonlama mexanizm ishlab chiqish taklifini ilgari surgan.
Joriy yil 11-fevral kuni Berlinda Germaniya va Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari qabul qilgan deklaratsiya esa ushbu siyosiy yo‘lning keyingi bosqichini belgiladi. Mezbon mamlakat TIV rasmiy bayonotida, jumladan, energiya sohasidagi sheriklikka alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, Transkaspiy transport yo‘lagini takomillashtirish uchun 2,7 million yevro ajratilgani e’tirof etilgan.
2025-yil yakuniga ko‘ra, Germaniya bilan savdoda mashina va transport uskunalari ulushi 33,8 foizga teng. GFR ayni yo‘nalishda biz uchun eng muhim yetkazib beruvchi hisoblanadi.
O‘tgan yil kuzda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Germaniyada Jahon xalqaro moliyaviy markazlari alyansi yig‘ilishi doirasida qator uchrashuvlar o‘tkazdi. O‘sha tashrif davomida imzolangan “Frankfurt Main Finance” bilan hamkorlik memorandumi moliyaviy sohani rivojlantirish, institutsional sheriklik tamoyilini belgilashga qaratilgan. Tashrif davomida “Deutsche Bank” rahbariyati bilan ham muzokara o‘tkazilgan.
Mazkur hujjat Yevropaning eng muhim moliyaviy markazlaridan biri hisoblangan Frankfurt bilan xalqaro moliya instituti, sarmoya maydoni kabi mexanizmlar doirasida yaqinlashish imkonini beradi. Qolaversa, bu hujjat moliyaviy hamkorlikni rasmiy uchrashuvlar darajasidan institutsional sheriklik darajasiga ko‘taradi.
Endilikda olmon kompaniyalari O‘zbekistonni bozor emas, ishlab chiqarish maydoni sifatida ko‘ra boshladi. Shavkat Mirziyoyevning Germaniya yetakchi kompaniyalari va banklari vakillari bilan Samarqanddagi uchrashuvida KNAUF, “Gunter Papenburg”, CLAAS, “Siemens Energy”, “Aurubis”, “Ernst Klett”, “Siemens Healthineers”, “Herrenknecht”, “DB Engineering & Consulting”, “Svevind Energy”, “Rhenus”, “HMS Bergbau” kabi yirik kompaniyalar qatnashgan. Shu ro‘yxatning o‘ziyoq amaldagi munosabatning asl mazmunini ko‘rsatadi: qurilish materiallari, mashinasozlik, energetika, metallurgiya, ta’lim, tibbiy texnologiya, tunnel qazish, logistika va xom ashyo. Demak, GFR respublikamizga oddiy eksport bozori emas, balki ko‘p sohali texnologik sheriklik maydoni sifatida qaramoqda.
Bugungi kunda hukumatlararo muloqot xususiy sektor darajasiga ko‘chgan. Masalan, “Siemens Energy” va “Siemens Healthineers” kompaniyalari energetika modernizatsiyasi va tibbiyot texnologiyasi yo‘nalishida ulkan salohiyat mavjudligini e’tirof etgan. CLAAS va agrar texnika bilan bog‘liq boshqa hamkorlar diyorimiz qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya hissasini oshirishga hissa qo‘shish niyatida. “Herrenknecht” va “DB Engineering & Consulting” kabi korxonalar esa transport, infratuzilma loyihalari uchun olmon texnologiyasi va muhandislik xizmatini jalb qilishga tayyor.
Germaniya va O‘zbekiston hamkorligi yangi bosqichining muhim belgisi sifatida yashil iqtisodiyot va raqamli transformatsiya ham kun tartibiga chiqqan. xususan, Germaniya Tashqi ishlar vazirligi 2026-yil fevral oyida qabul qilingan Berlin deklaratsiyasida qayta tiklanuvchi energiya, quvvat samaradorligi va “yashil vodorod” yo‘nalishlarini Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston bilan hamkorlik asosi sifatida qayd etgan. Bu tasodifiy emas. Zero, GFR tashqi siyosati va iqtisodiy diplomatiyasida “yashil sanoat”, vodorod, iqlimga moslashuv va barqaror ta’minot zanjiri tobora muhim o‘rin egallamoqda. O‘zbekiston ham 2025-yil investitsiya dasturida yashil transformatsiyani ustuvor yo‘nalish etib belgilagan. Ya’ni, sheriklikning keyingi bosqichida aynan yashil energiya, quvvat samaradorligi, toza sanoat va ishlab chiqarishda resurs tejamkorligi asosiy omillarga aylanishi ehtimoli yuqori.
Dilshod Hakimov, O‘zA