O‘zbekiston fuqarolariga pasportlari qaytarib berildi
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Samara shahridagi vakolatxonasiga 4 nafar yurtdoshimizdan murojaat kelib tushgan.
Murojaatda fuqarolar Krasnodar o‘lkasidagi korxonalardan birida ishlash uchun borgani, ammo ularning pasportlari ish beruvchilar tomonidan olib qo‘yilgani va ikki oydan beri qaytarib berilmayotgani aytilgan.
Agentlikning xabar berishicha, yurtdoshlarimiz pasportlarini qaytarish maqsadida vakolatxona xodimlari ish beruvchi vakillar bilan telefon orqali muzokara o‘tkazgan. Unga ko‘ra, korxona vakillari pasportlarni patent rasmiylashtirish uchun olgani va ishxonada saqlayotganini ma’lum qilgan.
Shundan so‘ng ularga fuqarolik pasportini olish Rossiya qonunchiligi bo‘yicha mumkin emasligi tushuntirilib, fuqarolarimizga pasportlari qaytarib berildi.